Kattaqo‘rg‘on va Past Darg‘omda 516 murojaat qayd etildi

Xabar berganimizdek, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov rahbarligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan Samarqand viloyatida sud-huquq masalalari yuzasidan ommaviy qabullar o‘tkazilmoqda.
Kecha Past Darg‘om tumani va Kattaqo‘rg‘on shahrida o‘tkazilgan qabullarda olti tuman, shahar aholisi sud-huquq masalalar yuzasidan Oliy sud, Sudyalar Oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Prezident Xalq qabulxonalari, Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi hamda mahalliy hokimliklar rahbar-xodimlariga murojaat qildi.
Past Darg‘om tumani Parcha chandir mahallasida yashovchi N.Ro‘zimamatov vasiyatnomani haqiqiy emas deb topish yuzasidan sudyalarga murojaat qildi. Fuqaroning da’vo arizasi qabul qilinib, tegishli sudda ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Nurobod tumani Nurbuloq mahallasidan A.Mingboyeva hamda K.Joniyeva noqonuniy ravishda ishdan bo‘shatilganini ma’lum qilib, ishga tiklashda yordam so‘radi. Bu fuqarolardan ishi kassatsiya shikoyati qabul qilindi.
Ommaviy qabullar davomida sayyor sud majlislari ham o‘tkazilib, fuqarolarning murojaatlari ko‘rib chiqildi. Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumani Mo‘minxo‘ja mahallasida yashovchi A.O‘roqov qilgan qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarganini bildirib, sud tomonidan tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari ozod qilishni so‘radi. Fuqaroning murojaati sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilib, jazodan shartli ozod qilindi.
Paxtachi tumanida yashovchi N.Berdiyev, J.Fayzullayev, Sh.Toshmurodov, Sh.Qodirov ozodlikni cheklash jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Umuman, kecha ikki hududda o‘tkazilgan ommaviy qabullarda yuridik va jismoniy shaxslarning 516 ta murojaati qayd etildi.
– Murojaatlarning 143 tasi jinoyat ishlariga, 40 tasi ma’muriy huquqbuzarliklar, 282 tasi fuqarolik, 19 tasi iqtisodiy ishlar, 32 tasi ommaviy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy ishlarga oid bo‘ldi, – deydi Samarqand viloyati sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i S.Nabiyev. – 35 nafar sudlanuvchiga nisbatan tayinlangan jazo turlari Jinoyat kodeksining 73-moddasi tartibida muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi. 21 nafar fuqaroning murojaati ijobiy hal qilinib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 21-moddasi hamda 271-modda 11-bandi qo‘llanilib, ular bilan bog‘liq ishlar tugutildi. 63 nafar fuqaroning fuqarolik ishlariga oid da’vo arizasi birinchi instansiya sudining ish yurituviga qabul qilindi.
Bundan tashqari, 34 ta fuqaroga aliment undirib berildi. 6 nafar murojaatchining pensiya ta’minoti bilan bog‘liq nizolari hal etildi. 16 holatda ish haqi undirish haqidagi arizalar qanoatlantirildi.
Qabullar jarayonida 56 nafar fuqaro va tadbirkorlik sub’yektining kassatsiya shikoyatlari Oliy sudda ko‘rish uchun qabul qilindi.
Ommaviy qabul bugun Urgut tumanida davom etmoqda.