Ellik kilo uni bor odam boy hisoblanardi

Nurbek choyini nari-beri ichdi-yu, sumkasini ko‘tarib maktabga chopdi. Baribir kechikibdi. Maktab hovlisida hech kim yo‘q. Sinf eshigini sekin ochib, ichkariga kiruvdi, hamma unga qaradi. Savol berayotgan tarix muallimi ham, javob berayotgan Davron ham unga yuzlandi.

-   Xo‘sh, nimaga kechikding? - so‘radi muallim.

-   Haligi ... tegirmonda navbat kelmay qoldi. Shunga...

-   Ha-a, tushunarli, - dedi sekingina muallim. – O‘tir!

Muallim unga mehr bilan qaradi. Tegirmonda navbat olish uchun tong sahar 4:00 da borish kerak. Shunda ham navbat tegsa, yaxshi. Bo‘lmasa peshinga qolib ketasan. Axir butun katta qishloqda bitta shu Sobir boboning tegirmoni ishlab turibdi. Bug‘doying bo‘lgani bilan tegirmonga bormasang – non yeyolmaysan. Tegirmonda esa katta navbat...

Nurbek ellik kilo bug‘doy solingan qopni tushirib, eshagini sal nariroqqa bog‘lab keldi. Salom berib, navbatda turganlarga yaqinlashdi.

-   Kel bolam, - dedi Xolboy bobo unga ko‘limsirab. – Sen mana bu Qilichdan keyin bo‘lasan.

Nurbek o‘zicha navbatni chamaladi. Soat 7:00 larga unga navbat kelib qolar ekan. Yana kim biladi deysiz?.. Sobir boboning tegirmoni bir tekis ishlaydi. Tepadagi tosh aylanib, “g‘o‘rt-g‘o‘rt”, degan ovoz chiqaradi. Tegirmonning do‘lidan bug‘doy bir zayl tushib turibdi. Navbati kelganlar unini olib, xursand bo‘lganicha eshagiga ortib, uyiga jo‘naydi. Navbati kelmaganlar uning ortidan havas bilan qarab qoladi. Tegirmonda o‘n besh-yigirma odam bor. Kiprik-qoshlari un gardi bo‘lgan Xolboy bobo o‘rnidan turib, hammaga bir-bir qarab oldi.

-   Og‘aynilar! Barchamiz bir qishloqning odamimiz. Men bir kam yetmishga chiqdim. Xo‘p desanglar, bir gap aytsam.

Hamqishloqlar boboning qandaydir muhim gap aytishini bilishdi.

-  Soyning bo‘yidagi Hadichani bilasiz. Ikki oy burun eri olamdan o‘tuvdi. Uch qizi bilan yolg‘iz qolgan. Uyida noni bor yoki yo‘q. Mening tomog‘imdan bir narsa o‘tmaydi. Uning bolalari och o‘tirsa, men qanday issiqqina non yeyman? – boboning ko‘zidan milt-milt yosh keldi.

-   Ilgaritdan aytilgan - xalq bir mushtdan bersa, o‘ldiradi, bir burdadan bersa, to‘ydiradi. Kelinglar, bir kilodan beraylik. Bu zamonlar ham o‘tib ketadi.

Bobo shunday deb, bo‘sh xalta oldi-da, o‘zining unidan ikki hovuch soldi. O‘sha xaltani o‘rtaga qo‘ydi.

-   Ochilboy, mana shu xalta qancha bo‘lsa, olib borib bering. Savob bo‘ladi.

Hamma qopini ochib, qimirlay boshladi. Nurbek ham qatordan qolmay deb, ikki hovuch tashladi. Navbati kelgach, unni oldi, qopiga soldi. Yonida turganlardan ikki kishi eshagiga ortib berdi. Uyga xursand qaytgan Nurbekning yuragida qandaydir yengillik bor edi. Onasi ikkovlashib, bir amallab oshxonaga kiritishdi. Ust-boshini qoqdi.

-   Aylanayin bolamdan, - mehri iyib yelkasiga qoqdi onasi. – O‘g‘il bola-da.

Shunda Nurbek qandaydir muhim, katta ish qilganini anglab yetdi. Axir hozirgi payt qishloqda bir qop uni bor odam boyday gap. G‘urur bilan erkaklik qaddini tik tutdi. Zerikkan paytlari qishloq kutubxonasidan badiiy asarlar olib o‘qirdi. Unga ayniqsa, Chingiz Aytmatovning “Kechikkan turnalar” asari juda yoqdi. Asar qahramoni bo‘lgan bola otasi urushda payti kolxoz ishlariga yordam beradi. Cho‘lda bo‘rilar bilan yolg‘iz kurashadi.

Nurbek anchagacha shu asar ta’sirida yurdi. Otasi Rossiyada, qandaydir zavodda ishlab yuribdi. Ketayotganda Nurbekni quchoqlab, shunday degandi:

-   O‘g‘lim, endi ro‘zg‘orda sen katta bo‘lib qolayapsan. Ba’zan og‘irliklarni yelkangga olishga to‘g‘ri keladi. Odam sabrli, chidamli bo‘lishi kerak...

Hozir shularni o‘ylar ekan, jo‘rasi Nabining yoniga o‘tirdi. Nabi unga ko‘lib qaradi: “Qalaysan?”. Yuz-qo‘lini yuvgani bilan Nurbekning sochlarida, kiyimlarida un gardi saqlanib qolgan. Undan tegirmon hidi kelib turardi.

-   Eh bolalar, - dedi muallim derazadan tashqariga qarab. – Hali bir zamonlar keladiki, tegirmonga bormaysizlar. Tonggacha navbat kutib o‘tirmaysiz.

Qiy-chuv bilan darslar ham tugadi. Uyga qaytayotganda Rahimning kulgisi qistadi:

-   Muallim ham qiziq gapni aytadi-da. Hech zamonda tegirmonga bormasang non yeya olasanmi? Uyga un kelishi uchun dashtda bug‘doy o‘rish, tegirmonda navbatda turish kerak.

Rahimning gapi Nurbekka yoqmadi: -   Qodir muallim ko‘p kitob o‘qigan jo‘ra. Ko‘p narsani biladi. Shunday ekan, balki bir zamonlar kelib, tegirmonga bormasmiz. Unga hojat qolmas.

Yana Rahimning ensasi qotdi:

- O‘zing o‘yla, tegirmonga bormasang, uyingga un kelmaydi-ku! Qanday qilib non yeysan?

-   Unisini bilmadim-u, muallim bir narsani bilmasa gapirmaydi...

Sobir boboning tegirmoni qancha aylansa, charxi falakning tegirmoni ham shuncha aylandi. Nurbek va jo‘ralari maktabni bitirib, tirikchilik vajidan har tomonga tarqalib ketishdi. Kim usta bo‘ldi, kimdir chorvador. Nabi do‘xtir bo‘lib, shaharda ishlayapti. Nosir jo‘rasi harbiy ekan. “Otpuska”ga kelgan vaqt jo‘ralar shu bahona yig‘iladigan bo‘lishdi. Kechqurun taomdan keyin choy ichib o‘tirishganda, Nosir so‘radi:

-   Qishloqdagi tegirmon haliyam ishlayaptimi?

-   E, qiziqsan-a, - dedi ko‘lib Rahim. – Tegirmon qolibdimi shu zamonda?

-   Bo‘lmasa, nonni qanday yeyabsizlar? – so‘radi Nosir.

-   Zo‘r zamonlar bo‘ldi-da, jo‘ralar, - dedi Rahim. – Unning tashvishini ham qilmaymiz. Zokir unchi “Damas”i bilan unni olib kelib, oshxonaga kiritib beradi. Telefon qilsak bo‘ldi, un darrov yetib keladi. Na bo‘g‘doy o‘ramiz, na tegirmonga boramiz.

-   6-sinfda paytimiz Qodir muallimning aytgan gapi eslaringdami? Ishonmovdik.

-   Ha-a, shuni ayt.

-   Qanday vaqtlar edi-ya?

-   Issiqda dashtda bo‘g‘doy o‘rardik.

-   Keyin uni tozalash kerak. G‘alvirlab, yengil shamolda sovurardik. Yuvib, quritib, tegirmonga borardik.

-   Bir xalta – ellik kilo un olib kelsak, bizdan boy odam yo‘q edi.

-   Tandirdan qizarib chiqqan nonning hidi qanday yoqimli edi. O‘zi – non dunyoning eng zo‘r ne’matida, jo‘ra.

-   Ha-a , shuni ayt.

Jo‘ralar supada bir-birining yelkasidan quchoqlaganicha, yulduzli osmonga qarashadi.

-   Hozir ham bolalar erta saharlab turadimi? – so‘radi Nosir. – Biz turar edik. Ko‘zimizni ishqalab tegirmonga borardik.

Hamma o‘zicha o‘yga toldi.

-   Jo‘ralar, - dedi Nurbek hammaga bir-bir qarab. – Qodir muallim sog‘-omon yuribdimi?

-   Men eshitdim, - dedi Rahim. – Oyog‘i og‘rirmish. Ko‘pincha uyida o‘tiradi.

 Nurbek nimagadir o‘ylanib qoldi:

- Jo‘ralar, ertaga muallimni bir ko‘rib kelmaymizmi ?

-   Juda yaxshi bo‘ladi-da, - ma’qulladi Nosir. – Men yana qachon kelaman?

Hamma bu gapga rozi bo‘lib, tarqalishdi. Chorpoyada yotganicha yulduz to‘la osmonga qarab yotar ekan, Nurbek o‘zicha jilmayib qo‘ydi: “Qodir muallim yaxshi odam-da. Ertaga bir gurunglashib kelaylik. Bu dunyoning gurunglari ham qiziq-da...”.

Boborahmat MUHAMMADIYeV,

Nurobod tumanidagi 57-umumiy o‘rta maktab o‘qituvchisi.