Rossiya dronlari ilk bor NATO mamlakati hududida

✹ 10 sentyabr kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga raketa va dronlar bilan hujum qilgan paytda, dronlar Polsha (NATO a’zosi) havo hududiga kirib keldi.

✹ Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ma’lum qilishicha, Polshaga kamida sakkizta «Shaxed» zarba droni kirgan. Polsha Bosh vaziri Donald Tusk esa «juda ko‘p sonli Rossiya dronlari» haqida bayonot berdi.

✹ Dronlarni urib tushirish uchun Polsha va boshqa NATO mamlakatlari harbiy havo kuchlari havoga ko‘tarildi. Polsha hukumati NATO HHK qo‘mondonligi hamda havoni muhofaza qilgan Niderlandiyaning F-35 samolyoti uchun minnatdorchilik bildirdi.

✹ Bir dron yoki uning parchalari Viriki qishlog‘ida yashash uyiga tushib, binoning tomiga zarar yetkazgan, ammo qurbonlar yo‘q. Shuningdek, Chesniki qishlog‘ida ham dron parchalari topilgan.

✹ Mamlakat bosh vaziri Donald Tusk hukumatning favqulodda yig‘ilishini chaqirdi. Uning ta’kidlashicha: «Bu — Rossiya dronlari NATO mamlakati hududida ilk bor urib tushirilishi. Barcha ittifoqchilar vaziyatni juda jiddiy baholamoqda». U voqeani «provokatsiya» deb atadi va Polsha hamda ittifoqchilar bunday hujumlarga javob qaytarishga tayyorligini bildirdi.

✹ Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Rossiyani «urush boshlanganidan beri Yevropaning havo hududiga eng jiddiy tajovuz»da aybladi. U buni tasodif emas, balki atayin qilingan harakat deb baholadi. Zelenskiy esa Yevropa mamlakatlarini yagona havo mudofaa tizimi yaratishga chaqirdi.

✹ NATO manbasi «Reuters»ga ma’lum qilishicha, dronlarning Polshaga kirib kelishini ittifoq hozircha hujum sifatida baholamayapti. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Polshaga oltita yoki o‘nta Rossiya droni atayin yo‘naltirilgan.

✹ «Bu NATO qiruvchi samolyotlari ittifoqchi hududida ehtimoliy xavfga ilk bor javob qaytargan holat», — dedi manba. Uning qo‘shimcha qilishicha, Patriot havo mudofaa tizimlari dronlarni radar orqali aniqlagan, ammo ular bilan to‘qnashmagan. Tungi operatsiyada Polsha, Niderlandiya, Italiya razvedka qiruvchi samolyotlari ishtirok etgan.