Kattaqo‘rg‘onda quvur o‘g‘rilari qo‘lga tushdi
2020 yil 23 iyul kuni Kattaqo‘rg‘on tumani IIBga tumanning Navbahor mahallasida yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan S.X. ariza bilan murojaat qilib, kechasi noma’lum shaxs yashash uyining tashqi tomonida bo‘lgan 3 dona, har birining uzunligi 6 metrdan, 150 diametrli jami bahosi 3,6 million so‘mlik 18 metr temir quvurlarni o‘g‘irlab ketganligini ma’lum qilgan.
Kattaqo‘rg‘on tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida mazkur jinoyatni Kattaqo‘rg‘on shahar Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan A.A. va shu ko‘chada yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan B.S.lar sodir etganligi aniqlangan. Ulardan ikki dona temir quvurlar tegishli tartibda daliliy ashyo sifatida olingan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu shaxslarga nisbatan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.