Kattaqo‘rg‘onda soxta MIBchilarning qilmishi oshkor bo‘ldi
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida ikki shovvoz - gaz ta’minoti hududiy filialiga qarashli tumanlararo 4-son gaz ta’minoti uchastkasi chilangarlari Erkin va Farhod (ismlar shartli) Do‘stlik mahallasida yashovchi fuqaro Q.Tadjiyevaning qulog‘iga “lag‘mon” ilishdi.
Ayolning xonadoni 2014 yil mart oyida tabiiy gaz tarmog‘idan uzib qo‘yilganini bilgan chilangarlar uni qayta ulab berish uchun eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida pul undirishadi. Qizig‘i, ular ayolga o‘zlarini «Majburiy ijro byurosi xodimi» deb tanishtiradi. Ayolgina «MIB»chilarning gapiga ishonib, aytilgan pulni plastik kartasidan «Klik» orqali ularning kartasiga o‘tkazib beradi. Tushgan 420 ming so‘mdan 102 mingni tumanlararo 4-sonli gaz ta’minoti uchastkasi tuman hududi kassasiga to‘lov qilgan ikkovlon qolganini o‘zaro taqsimlab oladi.
Nahot ularning xatti-harakati shubha uyg‘otmagan bo‘lsa? “Qaroqchilar” bunday shubhaga o‘rin qoldirishmaydi. Chunki ular to‘lovni naqd emas, plastik kartadan oladi, gaz hisoblash uskunasini qiyoslovdan o‘tkazish uchun risoladagidek yechishadi. Bundan tashqari, xonadonda haqiqatda foydalanilmagan tabiiy gaz uchun 1 dona gaz plita bilan 2 dona isitish pechlarining yillik ko‘rikdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomani ham tuzadi. Bunda ayolning sodda va ishonuvchanligi ham ularga asqotadi.
Biroq yopilgan qozon yopiqligicha qolmadi. Soxta MIBchilarning qilmishi haqiqiy MIB xodimlari tomonidan fosh etildi.
MIB matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.