Samarqandda ayol MIB xodimlariga benzin sepib, yoqishga urindi
2020 yil 20 yanvar kuni soat 14:20 larda Samarqand shahrida ijro harakatlarini amalga oshirayotgan MIB xodimlariga qarshilik qilindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, MIB Samarqand shahar bo‘limi davlat ijrochisi M.B. hamkasblari bilan ish yurituvidagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 12 sentyabrdagi ijro hujjatiga asosan, da’vogar shahar hokimligi va qo‘shimcha da’vogar “SV” MChJ foydasiga javobgar - 1978 yilda tug‘ilgan D.R.ni uy-joydan chiqarish yuzasidan Samarqand shahri, Navoiyshoh ko‘chasi 49-uy, 16-xonadonga kelishadi.
MIB xodimlarining ijro harakatlarini amalga oshirishi jarayonida ushbu xonadonda ro‘yxatda turuvchi D.R. uy-joydan chiqishdan bosh tortadi. Ayol MIB xodimlarining faoliyatiga qarshilik ko‘rsatib, ularning ustiga benzin yoqilg‘isini sepib, qo‘lida yonib turgan sochiqni ularning ustiga uloqtirib yuboradi. Bu orqali javobgar MIB xodimlarining xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majbur qiladi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan 2020 yil 21 yanvar kuni shahar prokuraturasi tomonidan D.R.ga nisbatan JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.