Tadbirkorning 7 oy elektr energiyasidan foydalanmaganiga MIB xodimining noqonuniy dalolatnomasi sabab bo‘lgan

Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor Hamidulla Gulyamov Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining (Biznes-ombudsman) Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlariga murojaat qildi.

Aniqlanishicha, Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi xodimi J.Turopov tomonidan 2019 yilning 26 fevral kuni tuzilgan №MIB NV EU-0014611-raqamli dalolatnomaga asosan Samarqand shahar Turkiston ko‘chasi, 62-a-manzilda joylashgan xususiy savdo do‘koni qarzdorligi mavjudligi sababli elektr tarmog‘idan uzilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20017 yil 10 iyuldagi 484-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Iste’molchilarni elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda suv quvurlaridan uzib qo‘yish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 12-bandiga ko‘ra, byuro iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun qarzi mavjud bo‘lgan iste’molchini qarzni besh kun muddatda to‘lash zarurligi to‘g‘risida yozma xabardor qilishi, 13-bandiga ko‘ra, xabardor qilingan paytdan boshlab besh kun muddat o‘tgandan keyin qarzlarni majburiy, shu jumladan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda iste’molchini elektr tarmog‘idan uzib qo‘yish yo‘li bilan undirish choralarini ko‘rishi lozim.

Biroq Hamidulla Gulyamov faoliyat yuritib kelgan xususiy savdo do‘konini elektr tarmog‘idan uzishda yuqoridagi nizom talablari buzilgan. Ya’ni, iste’molchi qarzni besh kun muddatda to‘lash zarurligi to‘g‘risida yozma xabardor qilinmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqdan uzib qo‘yilgan.

Murojaatni o‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, tarmoqdan uzilgandan so‘ng bir kun o‘tgandan keyin, ya’ni 2019 yilning 27 fevral kuni tadbirkor tomonidan qarzdorlik to‘liq bartaraf qilingan.

Ushbu holatda Hamidulla Gulyamovning xususiy savdo do‘koni Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi xodimi J.Turopov tomonidan hech qanday ogohlantirishsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzilmasdan, unga belgilangan tartibda besh kun muddat berilib, yozma ogohlantirish taqdim qilinganda, tadbirkorning buzilgan huquqlarini tiklash borasida turli davlat tashkilotlariga o‘nlab murojaat qilinishining oldi olinar edi.

Shuningdek, nizomning 16-bandida tarmoqdan uzib qo‘yish haqida ikki nusxada dalolatnoma rasmiylashtirilib, uning bir nusxasi iste’molchiga berilishi, 17-bandiga ko‘ra iste’molchi tarmoqdan uzib qo‘yish haqidagi dalolatnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, bosh tortish ikki nafar guvoh yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakili tomonidan tasdiqlanishi lozimligi belgilangan.

Murojaatni o‘rganish davomida MIB Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotda dalolatnoma Samarqand shahar O‘rikzor MFY raisi tomonidan imzolangani ta’kidlangan bo‘lsa-da, dalolatnomaning iste’molchida qoldirilgan ikkinchi asl nusxasi guvohlar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakili tomonidan tasdiqlanmagan.

Ya’ni, iste’molchini tarmoqdan uzishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakili ishtirok etmagan bo‘lsa-da, MIB xodimlari tomonidan dalolatnomaning bir nusxasiga keyinchalik O‘rikzor mahalla fuqarolar yig‘ini raisining imzosi va muhri qo‘ydirilgan.

Murojaatni o‘rganish davomida MIB tomonidan tuzilgan dalolatnomani rasmiylashtirishda O‘rikzor MFY raisi ishtirok etganligi qayta-qayta ta’kidlangan bo‘lsa-da, MFY raisi tomonidan taqdim qilingan ma’lumotnomada Hamidulla Gulyamovning xususiy savdo do‘konini tarmoqdan uzish jarayonida mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlaridan hech kim ishtirok etmaganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

O‘rganish yakunlariga ko‘ra, Biznes-ombudsman tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan Respublika Majburiy ijro byurosiga taqdimnoma kiritildi.

Taqdimnoma MIB xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish orqali o‘rganib chiqilib, tekshirish yakuniga ko‘ra MIB Samarqand shahar bo‘limi xodimi J.Turopov tomonidan 2019 yilning 26 fevral kuni tuzilgan №MIB NV EU-0014611-raqamli noqonuniy dalolatnoma bekor qilindi va tadbirkorning savdo do‘koni elektr tarmog‘iga qayta ulab berildi.

Ammo MIB xodimining noqonuniy xatti-harakatlari oqibatida yakka tartibdagi tadbirkor 2019 yil 26 fevraldan 2019 yil 16 sentyabrga qadar, qariyb 7 oy davomida elektr tarmog‘idan foydalana olmadi.

J.TURSUNOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqand viloyatida faoliyat yurituvchi bosh inspektori vazifasini bajaruvchi.

O‘zA.