Kattaqo‘rg‘onda YPX inspektoriga bo‘ysunmagan haydovchiga chora ko‘rildi
- 08.10.2020 14:19
- 239
- Samarqand
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yo‘l-patrul xizmati inspektorining to‘xtash ishorasiga rioya qilmasdan ketib qolgan haydovchiga ma’muriy bayonnoma tuzildi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar qildi.
Xabarga ko‘ra, voqea Kattaqo‘rg‘on tumani markazining Kadan-Xatirchi yo‘nalishida o‘tkazilgan navbatdagi reyd tadbirlari davomida aniqlangan. Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘lning qarama-qarshi tomonida harakatlanib kelayotgan «Lacetti»ga YPX inspektori to‘xtash ishorasini bergan. Haydovchi ichki ishlar organi xodimining qonuniy talabini bajarmay, harakatni davom ettirib, voqea joyidan ketib qolgan.
Haydovchini shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida olib borilgan tadbir natijasida ushbu haydovchi Kattaqo‘rg‘on tumani Mo‘minxo‘ja mahallasida yashovchi Sh.P. ekanligi ma’lum bo‘lgan. Unga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.