“Kitob dunyosi” yana nashr etiladi yoxud yuragimdan to‘kilgan minnatdorlik

...Bugun dilimda cho‘kkan bir og‘riq, yelkamni bosib turgan tog‘day og‘ir yukdan qutuldim. Bu yurtda adabiyotni, millat ma’naviyatini, kitobni ulug‘laydigan, soxtakorlik bilan emas, chin dildan qadrlaydigan insonlar bor! Shular tufayli yozuvchi, ijodkor ekanligimdan, qadrimiz bugun yerga urilib, internet to‘s-to‘polonida yem bo‘lib ketmaganimizga shukr qildim.

"Kitob dunyosi" gazetasini yopib tashlagandik. Kimga keragi bor, eshikma-eshik sarson bo‘lib, sang‘ib, obuna bo‘lishga yordam bering, deb tilanchilik qilib yurishning? Bu mening tabiatimga yot tushuncha. Taqdirning juda ko‘p ko‘rguliklarini ko‘rib, yoshligimni urush o‘tida kul bo‘lishidan Allohim asrab, shu kunlarga yetgan ekanman, menga zarilmi endi, adabiyot, gazet, kitob desam, yuzini ters buradigan kimsalarning tashida quvvatlab, ichida kulib, ko‘zimga tik qarab, albatta, kitobxonlik, badiiy nashr kerak, obuna bo‘lamiz, falon-pismadon, deb yolg‘on gapirib, sipoyilik bilan o‘z xonasidan silliqini kuzatib qo‘yishlari. Bunday surlikka chiday olmasdim, albatta. Mamlakatdagi tuppa-tuzuk, adabiy nashrni "o‘limdan saqlab" qolaman, deb urinishlarim bekor ketayotganini bilgach, asabim, sog‘ligim, ijodimni asrash uchun gazetni yopdim. O‘qimaydigan ommaga mening sa’y-harakatlarimning chaqachalik ahamiyati yo‘q. O‘qiydiganlar esa kam. Kam odamlar uchun gazeta chiqarib bo‘lmaydi. Nashriyot va ijara haqi yutib yuboradi.

Xullas, gazetni yopdik. Tahririyatning oz sonli xodimlarining boshi xam... Shunday kunlarning biri, fevralning qaysidir kunlari nashriyotda ishlaydigan akamiz Ahror Ahmedov, yana bir necha ziyolilar ketma-ket qo‘ng‘iroq qilishib, bunday qilmang, yarim yo‘lda tashlab ketmang, yaxshi gazet bu, biz uchun kerak gazet, nahotki, tirik-tetik tanishlaringiz, adabiyotni sevadigan, millat ertasini o‘ylab joni og‘riyotgan og‘aynilaringiz yo‘q, deya dakki ham berishdi. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Ochig‘i, men gazet orqasidan boyish mumkin emasligi, aksincha, uning nashriyot va ijara-yu boshqa to‘lovlardan qarzini yonidan to‘lagan, ming pushaymon bo‘lgan, obuna degan narsa oldida ich-ichidan og‘riq turib, betining suvi besh to‘kilib, asabi o‘ynaydigan odam sifatida hammasiga qo‘l silkagandim.

To‘g‘risi, shu gazetdan oylik ham olmasdim. Gazeta chiqib, odamlar o‘qib, bizdan minnatdor bo‘lishsa yetarli edi. Ko‘nglim tog‘day ko‘tarilardi. Adabiyot oldida o‘z burchimni bajarayotganimdan, bekorga yashamayotganimdan xursand edim. Shuning uchun adabiyot ham meni qo‘llab-quvvatlagandir, shuning uchun ham Xudoyim yo‘l bergandir; asarlarim dunyo bo‘ylab tarqala boshlagandir... Yevropa, Amerika, Rossiya davlatlarida ketma-ket kitoblarim chiqdi. Dunyoning arzirli mukofotlarini oldim. Xorijiy davlatlarda asarlarim sahnalashtirildi, yana kitoblarim chiqyapti. E’tirof ham etishyapti. Xudo xohlasa, endi to‘xtab qolish yo‘q.

Serbiyalik adiba va professor uning asarlari har bir serbning uyida bo‘lishi, har bir serb o‘qishi kerak, deya o‘z Vatani nashrlarida chiqish qilib, ketma-ket ikki kitobim chop etilganda, Rossiyada uchta kitob nashr etilib, o‘sha yerda ham uyushma a’zoligiga qabul qilishganda, Moskvaning “Oltin qalami”ni olganimda, qator festivallarning g‘olibi bo‘lganimida, Amerikaning Xalqaro "Jenima" mukofotiga sazovor bo‘lganimda, o‘z Vatanim teatrlarida bir qancha dramalarim qo‘yilib, kitoblarim chiqqanda ham, ishoning, Xudo shohid, bunchalik quvonmagandim. Nega deysizmi?    

Eshiting; "Kitob dunyosi" obunasi dardida Samarqand viloyatiga bordim. Poyezddan tushib hokimiyatga yo‘l oldim. Ochig‘i, ishonmagandim, o‘zimcha, hokim qabul qilmasa ham yaxshi bo‘lardi, har holda so‘nggi bor burchimni bajarishga kirishdim-ku, huzuriga kirganim bilan nima ham deyman, nima o‘zgarardi, bu kishi ham boshqalarday xo‘p deydi, keyin... Ha mayli, ko‘nglimdagi ozgina umid uchun ham kiraman, shu bilan shu obuna dahmazasidan qutulaman, deb o‘yladim.

- Hokimga uchrashsam, bo‘ladimi, bir ish bilan keluvdim, - dedim telefon orqali yordamchiga ming bir xijolat bilan.

- Aka, nima, masalada edi?

- Shu, shu... Shu, obuna...

Oradan bir oz vaqt o‘tdi... Qo‘ltelefonim jiringladi:

- Hokim Sizni kutyaptilar!

Bor-yo‘g‘i besh daqiqa suhbatlashdik.

- Men bu gazetani bilaman, oldinlari o‘qir edim. Xudo xohlasa, yaxshi bo‘ladi,  - dedi hokim kuzatayotib.

Bunday gap-so‘zlarni ko‘p eshitganim uchun yarim umid holda izimga qaytdim. Nima qilay, kelaverdim-da, shu gapni eshitib.

Oradan bir hafta o‘tdi... Buxgalterimiz hovliqib, telefon qildi:

- Gazetaga obuna bo‘lishyapti!! Samarqanddan!!!

Anchagacha gandiraklab turdim....

Chin, ha, chindan obunaga buyurtmalar tusha boshladi. Bir menmas, tahririyatdan ketishga chog‘langan xodimlarimiz ko‘ngli ham yorisha boshladi. Shu dalda bilan Qoraqalpog‘iston, Xorazmga yo‘l oldim. Yaxshilik yaxshilikni yetaklarkan, u yerlardagi yaxshi insonlar ham baholi qudrat qo‘llab-quvvatlashdi. Gazeta ishi jonlandi. So‘ngan ishtiyoq o‘ti qayta yondi. Toshkent, vodiy, Buxorodan yaxshi xabarlar keldi. Gazeta tirildi. O‘lmadi. Uning xodimlari ko‘ngli yorishdi.

Bugun gazeta chop etilayotgan mahal tahririyatga keldim. Xodimlar (bor-yo‘g‘i to‘rt nafargina) mehr bilan ishlashyapti, sahifalash, matn o‘qish, dizaynni yaxshilash borasida bosh qotirishyapti. Ayniqsa, betobligiga qaramay ishda hozir bo‘lgan xodimning yuzida samimiyat balqib shunday dedi:

- Aka, yaxshi bo‘ldi-yey, ochig‘i, endi bu ishxona eshigi men uchun yopildi, deb o‘ylovdim. Kecha oylik va bayram puli ham oldik. Rahmat Sizga. Bizni qo‘llagan insonlarni har kuni namozimda duo qilayapman, - dedi.

- Biz ham, - deyishdi boshqalar.

Ko‘zlarim yoshlandi. Umrini qog‘ozga, adabiyotga tikkan bu kamtar va kamsuqum, xokisor odamlarning yuragidan otilib chiqqan olqish oldida bir pas o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Ko‘z oldimda bizga xayrixoh bo‘lgan qadrdon kishilarimning siymosi gavdalandi. Men uchun bu holat taqdirimning eng Oliy mukofoti edi...

Qo‘chqor NORQOBIL.

13.05.2023 yil.