Konstitutsiya – erkinliklarimiz ifodasi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun oldidan Jomboy tumani hokimligida bayram tadbiri tashkil etildi. Unda jamoatchilik vakillari, samarali faoliyat yuritayotgan soha fidoyilari qatnashdi. Bir guruh tumandoshlarimizning yutuqlari e’tirof etildi. Mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirildi.
Darhaqiqat, tumanimiz uchun o‘tib borayotgan yil yutuqlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, yoshlarimiz nafaqat viloyat, balki respublika va xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritishgani quvonarli. G‘olibjon Rahmatullayev hamda Shohsanam Safarova jahon, Doniyor Yo‘ldoshev O‘zbekiston chempioni rutbasiga erishgani esa sport sohasidagi islohotlarga munosib javob bo‘ldi.
Marosimda tuman hokimi H.To‘ychiyev qatnashdi va so‘zga chiqdi.
– Sanoat, ishlab chiqarish, investitsiya tarmoqlarida ham yuqori samaradorlikka erishmoqdamiz, – dedi hokim. – Yaqinda viloyatimiz mezbonlik qilgan “Invest in Samarkand” xalqaro forum doirasida 44,3 million AQSh dollarlik 5 ta loyiha bo‘yicha muzokara olib borildi. Tumanga 39,3 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Umumiy qiymati 11,5 million dollarlik eksport shartnomalari tuzildi. Bu kabi yutuqlar Konstitutsiyamiz orqali mustahkamlab qo‘yilgan bozor iqtisodiyoti, tadbirkorlik uchun keng erkinliklarning ifodasidir.
Tadbir davomida samarali mehnat qilayotgan xodimlardan bir guruhi tuman hokimligining faxriy yorliqlari, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Madaniyat bo‘limi xodimlarining bayram dasturi tadbirga fayz kiritdi.
Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati.