Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritiladi
Oliy Majlis Senatining bugun o‘tkazilgan o‘n birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama etilib, ma’qullandi.
Keyingi yillarda yurtimizda sud tizimi ham takomillashib, sohada bir qator yangilik va o‘zgarishlar joriy etildi. Xususan, 2020 yil 24 iyulda davlatimiz rahbarining “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratdi.
Ushbu farmon ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan qonunga asosan sud tizimida viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish belgilanmoqda.
Ma’muriy tartib-tamoyillar va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish, bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi nazarda tutilgan.
Sud tizimida tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar amalga oshirilayotganligi inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 107-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Davlatimiz rahbari yaqinda Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham sud-huquq sohasida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratgan edi.
A.Ahmadov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi sudyasi,
D.Nuraliyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tumani sudi sudyasi.