Ko‘p qavatli uyning 5-qavatida osilib qolgan bola qutqarildi (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda 14 yanvar kuni Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarning birida 5-qavatda yosh bola osilib qolgani va pastga tushib ketgani aks etgan video tarqalgan edi.
Sog‘liqni saqlash vaziri matbuot kotibi ushbu hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.
«14 yanvar soat 16:18 da Olmazor tumani, Beruniy dahasi, 3-blok, 135-xonadondan chaqiruv bo‘lgan. Tez tibbiy yordam mashinasi o‘z vaqtida yetib borgan. Unda 3 yoshu 11 oylik A.X. uyda yolg‘iz qolganligi sababli o‘ynab, derazadan chiqib ketgan. Lekin uni aholi ko‘rib, pastda adyol tutib ushlab qolgan.
Tez tibbiy yordam guruhi 7 daqiqa ichida yetib borgan. Birinchi yordam voqea joyida ko‘rsatilgan, zudlik bilan shifoxonaga olib borilgan. Ayni paytda malakali shifokorlar tomonidan unga sifatli davo choralari qo‘llanilyapti. Og‘ir jarohat olmagan. Bosh miya chayqalishi deb birlamchi tashxis qo‘yilgan. Ahvoli hozir barqaror», deyiladi xabarda.