Koronavirusga qarshi vaksina olish majburiymi?

“Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to‘xtatilishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Shunga ko‘ra, hech bir shaxs vaksina olishga majbur qilinmaydi.

Ammo ta’kidlash lozimki, Bosh davlat sanitariya vrachi “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonundagi vakolati doirasida epidemiologik ko‘rsatkichlar asosida emlanishi lozim bo‘lgan kontingentlarning (masalan, epidemiologik noxush hududda ishlaydiganlar, mazkur hududda yashaydiganlar, ushbu hududlarga tashrif buyurmoqchi bo‘lganlar va boshqalar) emlash kalendarini tasdiqlaydi. Ushbu kalendarda gripp, shol, kuydirgi, qizamiq va qizilcha, bo‘g‘ma va shu kabi 13 ta boshqa epidemiologik kasalliklarga qarshi emlanishi lozim bo‘lgan kontingentlar ro‘yxati belgilangan edi.

Endilikda Bosh davlat sanitariya vrachining qarori bilan epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, koronavirusga qarshi profilaktik emlash ham epidemiologik ko‘rsatma bo‘yicha profilaktik emlash kalendariga kiritildi. Ushbu qo‘shimcha aholining ayrim toifalari o‘rtasida doimiy ravishda o‘tkaziladigan profilaktik emlashlarning davomiy qismi hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, fuqarolar ayrim faoliyat turlari bilan shug‘ullanish uchun (asosan aholi bilan ko‘p muloqot qiluvchi faoliyat turlari) koronavirusga qarshi emlashdan o‘tishi kerak.

Shuningdek, aholiga epidemiologik xavfsiz va qulay sharoit yaratish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi. Unga ko‘ra, 1996 yil 29 avgustda qabul qilingan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasiga profilaktik emlash atamasi kiritilib, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish joriy etilishi mumkinligi qo‘shimcha qilindi.

Loyihada Bosh davlat sanitariya vrachining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan vakolatini fuqarolarning sog‘lig‘i saqlash borasidagi asosiy qonun hujjati hisoblangan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda ham mustahkamlab qo‘yish taklif etilmoqda.

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi to‘lqinlarining oldini olish ommaviy vaksinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalarini inobatga olgan holda, Mehnat kodeksiga o‘zgartirish kiritish orqali, ish beruvchiga profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan xodimlarni ishga qo‘ymaslik huquqini berish ko‘zda tutilmoqda.