Korrupsiyaga qarshi eng katta kuch shaffoflik va adolatdir

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida korrupsiyani oldini olish, shaffoflikni ta’minlash va davlat boshqaruvida adolat mezonlarini mustahkamlash bo‘yicha qator muhim tashabbuslar ilgari surdi.
Biz, deputatlar yig‘ilish davomida bildirilgan takliflarni muhim deb baholab, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qonunchilikni yanada kuchaytirish zarurligini angladik. Shu bilan birga, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolarni korrupsiyaga qarshi kurashga faol jalb etish ham muhim hisoblanadi.
Yig‘ilishda Prezident korrupsiyani mamlakat taraqqiyotiga eng katta to‘siq sifatida baholab, unga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Ya’ni, buning uchun Korrupsiyaga oid qonunchilik takomillashtirilib, javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha yangi takliflar bildirish, davlat idoralarining faoliyati yanada ochiq bo‘lishi, mansabdor shaxslarning daromad va xarajatlari ustidan nazorat kuchaytirilishi lozimligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Oliy ta’lim tizimi ham raqamlashtirildi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi korrupsiyaga qarshi kurashda ijobiy samara bermoqda deya olamiz.
Korrupsiya har qanday jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘sqinlik qiluvchi omillardan biridir. Ushbu yig‘ilishda qabul qilingan qarorlar nafaqat davlat organlari, balki butun jamiyat oldiga muhim vazifalarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, bizdeputatlar zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatniyanada oshirdi.
Deputatlar jamiyatning eng muhim vakillari sifatida korrupsiyaga qarshi kurashda faol ishtirok etishlari shart. Ya’ni, xalq bilan bevosita muloqot qilish orqali fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishi va korrupsion holatlar yuz bergan taqdirda u haqida axborot olishi kerak.
Prezidentimiz boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilish korrupsiyaga qarshi kurashda yangi bosqichning boshlanishi bo‘ldi. Deputatlar ushbu jarayonda yetakchi rol o‘ynashi, qonuniylik va shaffoflik tamoyillarini targ‘ib qilishi lozim.
Agar korrupsiyasiz jamiyat qurmoqchi bo‘lsak, qonuniylikni hurmat qilish va unga rioya qilish hammamiz uchun ustuvor vazifa bo‘lishi kerak. Biz deputatlar esa bu borada jamiyatga namunaliyetakchi bo‘lishimiz lozim.
Akmal Mirzoyev,
xalq deputatlari Toyloq tuman kengashi deputati.