Korrupsiyaga qarshi kurashishni rahbarlar o‘z tashkilotidan boshlashi kerak
Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining joriy yil 17 sentyabr kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida hududiy kengashlar tarkibini shakllantirish masalasi ko‘rilib, unga ko‘ra Samarqand viloyat korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi tarkibi tasdiqlangan edi.
Viloyat hududiy kengashining bugun o‘tkazilgan dastlabki yig‘ilishida kengash tarkibi tanishtirilib, vazifalar belgilab olindi.
Viloyat hokimi, korrupsiyaga qarshi kurashish viloyat hududiy kengashi raisi E.Turdimov korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish xususida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva korrupsiyaga qarshi kurashish borasida mamlakatimizda qo‘llanilayotgan amaliyot, bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi haqida ma’lumot berib, “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishda hududiy kengashlar a’zolari oldida turgan vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Yig‘ilishda shuningdek, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari N.Musamuhammedov, Oliy Majlis Senati a’zosi F.Toshev mazkur illatga qarshi kurashish yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
– Mazkur illatga qarshi kurashishni kengash a’zolari avvalo o‘zidan, o‘zi rahbarlik qilayotgan korxonadan boshlashi zarur, – dedi E.Turdimov yig‘ilish yakunida. – Qolaversa, bu borada ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik yordamiga tayanish, tegishli organlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim.