Korxonadagi hamma xodimlar bilan ham muddatli mehnat shartnomasi tuzib bo‘lmaydi
Chunki Mehnat kodeksining 76-moddasiga asosan ish beruvchining muddatli mehnat shartnomasi tuzish huquqi cheklangan.
Mazkur moddaga muvofiq, muddatli mehnat shartnomalari:
➖bajarilajak ishning xususiyati, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lmagan hollarda;
➖korxona rahbari, uning o‘rinbosarlari, bosh buxgalter bilan, korxonada bosh buxgalter lavozimi bo‘lmagan taqdirda esa bosh buxgalter vazifasini bajaruvchi xodim bilan;
➖qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda tuzilishi mumkin.
Bu vaziyatda muddatli mehnat shartnomasi tuzish yuqoridagi moddaning birinchi qoidasiga to‘g‘ri kelgandagina tuzilishi mumkin. Lekin, korxonadagi barcha xodimlarning ishi xususiyati va ishni bajarish shartlari muddatli xarakterga ega bo‘lishi mumkin emas, shuning uchun ham hamma bilan muddatli shartnoma tuzib bo‘lmaydi.
Shu sababli tashkilotda barcha xodimlar bilan muddatli shartnoma tuzilgan bo‘lsa, demak Mehnat kodeksining 76-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilgan. Bunday hollarda muddatli shartnomani muddati tugaganligini vaj qilib, bekor qilish ham noqonuniy bo‘ladi.
Bu masalada joydagi davlat mehnat inspeksiyasiga yoki sudga murojaat qilishni maslahat beraman, albatta ular ushbu qonunbuzarliklarni bartaraf etish chorasini ko‘radilar.
Umuman, mehnat huquqi eng muhim huquqiy sohalardan biri hisoblanadi. Zotan, bejizga Senatning 17 mart kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida Mehnat kodeksi yangi tahrirda ma’qullamadi.
O‘ktam Kamolov,
huquqshunos.