Korxonangizning sport maydonchasi bormi?
Sarlavhadagi mavzu bo‘yicha sal keyinroq. Gapimizni Chelak shahridagi bolalar va o‘smirlar sport maktabidagi stadiondan boshlasak. Yaqinda mazkur stadionda bo‘ldim. Erta tong bo‘lishiga qaramay o‘yingoh 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ayol va erkaklar bilan to‘la. Biri yugurayotgan bo‘lsa, biri turnik tortinayapti, ko‘pchilik futbol o‘ynayapti. Buni ko‘rgan kishi «mana, jismoniy faollik, mana sog‘lom turmush tarzi» deyishi aniq.
Buni bekorga keltirmayapman. Bunday holat boshqa joylarda ham mavjudmi? Ish yuzasidan ko‘p joylarda bo‘lamiz. Yugurish uyoqda tursin, o‘yingohlar qarovsizlikdan begona o‘t bosgan. Buning ustiga chorva mollari darvozalarga bog‘langan. Buni qanday tushunish mumkin? Bizga stadion qurib bering, deb eshikma-eshik yurganlar qancha? Nega boridan foydalanmaymiz? Chelak shahridagi stadionda erta tongdan keksa otaxonlarning yugurishi zarilmi? Ular birov uchun emas, o‘zining sog‘lig‘i uchun jon kuydirishayapti-ku!?
Agar ko‘chamizda yoshi kattaroq kishi yuguradigan bo‘lsa, uning ustidan kulish bo‘lsa, qoyillatamiz – “falonchi qariganda sal anaqaroq bo‘lib qolibdi...”. Bu nima degan gap axir? Bizning xatomiz qayerda o‘zi? Nega unga farzandimizni qo‘shmaymiz, o‘zimizni-chi? Axir sog‘lik birinchi o‘rinda o‘zimizga kerak emasmi?
O‘tgan kuni Prezident rahbarligida o‘tgan videoselektor majlisida aholini ommaviy sportga keng jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlandiki, bugungi kunda aholimizning bor-yo‘g‘i 19 foizi jismoniy tarbiya va sport bilan qamrab olingan. Aksincha, nosog‘lom turmush tarzi, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va nonni me’yoridan ortiq iste’mol qilish holatlari ko‘p uchraydi. Koronavirus infeksiyasi avvalo, yurak-qon tomir, nafas yo‘llari kasalligiga chalingan, ortiqcha vaznli fuqarolarda og‘ir kechgani hammaga ma’lum. Bu ham sog‘lom turmush tarzi va sportning ahamiyatini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi.
Ana endi mavzumizga to‘xtalsak. Korxonangiz yoki tashkilotingizning sport maydonchasi bormi deb savol berib qolsa, nima deb javob beramiz? Hammamiz bir-birimizga qarab yelka qisamiz. “O‘zi shu yetmay turuvdi, buyog‘i nima bo‘ladi endi”, deb qo‘yamiz.
Tashkilotda sport maydonchasi yoki sport xonasi qurish shunchalik qiyinmi? Hamma tashkilotning oldida yetarlicha joy, xonasi mavjud. Ozgina joyni sport maydonchasi qilib qo‘ysa, nur ustiga nur bo‘lmaydimi? Bu maydonchada begonalar borib o‘ynamaydi-ku?! Xodimlar bo‘sh vaqtlarida biroz shug‘ullanishadi, xolos. Buning nimasi yomon? Mana ko‘rdik, tunov kungi tashkilotlar o‘rtasidagi futbol musobaqasini. Xuddi osmondan tushganday to‘p tepdik. Agar tashkilotning sport maydonchasi bo‘lganida edi musobaqa bundan ham shiddatliroq bo‘lardi.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki, hozir birovga unday qil, bunday qil deyishning o‘zi noto‘g‘ri. Gap sog‘lom turmush tarzi haqida ketayotgan ekan, hamma bu haqda yetarlicha bilimga va salohiyatga ega. Faqat amalda boshlash kerak. Demak, bu bizning qo‘limizdan keladi.
Husniddin XOLDOROV.