Xotiningiz bilan qachon ajrashasiz?

Munira erkalanib Jamshidning bo‘yniga osildi.
- Sabr qil jonim, arzirli bahona topolmayapman, bolamiz bor! Nima, menga ishonmaysanmi?
- Ishonaman, lekin bunday xufiyona uchrashib yurishimiz yaxshi emasda, jonim. Tilla ziraklar uchun rahmat, dugonalarim hasaddan o‘layozdi.

- Hozir, bir daqiqa! - Jamshid jiringlayotgan telefonni qulog‘iga tutdi.
- Allo, ha, yana nima gap? Senga necha marta aytaman, menga qo‘ng‘iroq qilma, bandman, deb.
- Xavotir olyapmanda, kecha uyga kelmadingiz! - telefondan xotinining ovozi eshitildi.
- Obbo! - Jamshid zarda bilan telefonni o‘chirdi. - Jonga tegdida.
- Ha, xotinchangiz sog‘inib qolibdimi? - Munira piching qildi. - Va’dalaringiz esdan chiqmasin. Hozircha manavi uy, minib yurgan mashinani nomimga o‘tkazib qo‘ying.
- Men ketdim, ertaga uchrashamiz! Albatta, aytganing bo‘ladi.
- Hoy, to‘xtang, qayerga? - Munira uning ortidan hay-haylab qoldi: “Shoshmay tur hali, uy, mashinani nomimga o‘tkaz, keyin o‘zim bilaman”.

…Jamshid uzil-kesil qarorga kelgan edi: “Bo‘ldi, Sobirani javobini beradi, o‘g‘ilchasini xohlasa olib ketsin, xohlamasa tashlab ketsin”.
- Sobira, qayerdasan? - Jamshid eshikdan kirishi bilan baqirdi.
- Shu yerdaman! - Oshxonada ovqat qilayotgan xotini erining tahdidli ovozini eshitib yugurib chiqdi.
- Assalomu alaykum, yaxshi keldingizmi?
Jamshid uni qozon hidi anqib turgan holatiga va qo‘lidagi kapgirga jirkanib qaradi: “Turishini qara, ko‘ngling aynib, qayd qilging keladi. Bundoq o‘ziga qarashni ham bilmaydi, uylanayotganimda ko‘zim qayerda edi-ya”?!

Ko‘z oldiga o‘ziga oro bergan, vujudidan erkakning boshini aylantiradigan xushbuy atir isi anqib turgan Munira keladi: “Qanday go‘zal ayol!..”.
- Bu nima ahvol, ko‘chadagi ro‘dapo, tilamchi ayolga o‘xshaysan. Mana bular oyoq ostida nega yotibdi. Kun bo‘yi uyda o‘tirib nima qilayapsan o‘zi? - Jamshid supurguni tepib yubordi.
- Kechirasiz, hali eshik oldini supuruvdim, unutibman.
- Bo‘ldi bas, o‘zingni oqlashga urinma! Yetar, seni ko‘rishga toqatim yo‘q. Yo‘qol, daf bo‘l, ajrashamiz.
…Jamshid Munirani yo‘qlab kelganda kech tushib qolgandi: “Mana endi o‘zi xohlagancha yashaydi”. U darvoza tugmachasini bosdi.

- Hozir! - ichkaridan Muniraning ovozi eshitilib, darvoza ochildi. - Keldingizmi?
- Mana, jonim, vadamning ustidan chiqdim. Mana bu uy, mashina sening nomingga o‘tganligi haqida xujjat, mana bu xotinim bilan ajrashganim to‘g‘risida sudning qarori...
Munira hujjatlarni olib zaharxanda iljaydi.
Kunlarning birida:
- Mana bu xotining bilan ajralganing haqidagi sudning qog‘ozi o‘zingga siylov, ahmoq! Endi yo‘qol! Oilasiga xiyonat qilgan odam menga sadoqat ko‘rsatarmidi? Darvoza taraqlab yopildi. Jamshid ko‘chada karaxt bo‘lib qoldi: “Endi qayerga boradi”?

Tog‘aymurod ShOMURODOV.