Kundalik yod miqdorini ta’minlashda osh tuzi eng samarali vosita
Viloyat Matbuot uyida «Yod tanqisligi holatlarining oldini olish oyligi» munosabati bilan jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda shu haqda so‘z yuritildi.
Viloyat endokrinologiya dispanseri vrachi N.Fayziyevaning aytishicha, viloyatimizda 36541 nafar bemor bo‘qoq kasalligi bilan ro‘yxatda turadi. Ularning 29858 nafarini ayollar tashkil etadi. Yod organizmga eng kerakli elementlardan biri bo‘lib, uning yetishmasligi xotiraning yomonlashuviga, aqliy rivojlanishning 20 foizgacha pasayishiga, markaziy asab tizimi faoliyatining buzilishiga olib keladi.
- Aholi orasida yod tanqisligi holatini oldini olishning eng arzon va samarali usuli osh tuzini yodlash hisoblanadi, - deydi viloyat endokrinoligiya dispanseri bosh vrachi Gulzoda Negmatova. – Har bir oilada ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’iy nazar osh tuzi ishlatiladi. 5 gramm osh tuzi iste’mol qilish orqali 100-150 m.kg yod organizmga qabul qilinadi. Shu o‘rinda osh tuzi tanlashda ham ehtiyot bo‘lishni so‘rardim. Chunki olib borgan tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, ayrim biz foydalanadigan osh tuzlari yetarli miqdorda yodlanmagan. Ularni xarid qilishda yaroqlilik muddatiga ahamiyat qaratish lozim.
Boshqa mahsulotlarda ham ma’lum miqdorda yod elementi bor. Ammo kundalik me’yorni saqlash uchun 3600 gramm xurmo, 2560 gramm baliq, 4800 gramm mol go‘shtini bir kunda iste’mol qila olmaymiz.
2019-2021 yillarda respublika aholisiga endokrinologiya yordami ko‘rsatishni takomillashtirish milliy dasturiga ko‘ra, viloyatimizda mavjud 78 ta mutaxassislar sonini ko‘paytirish, ularning malakasini oshirish, Nurobod, Qo‘shrabot tumanlarida yetishmayotgan kadrlar o‘rnini to‘ldirish ustida ish olib borayapmiz. Viloyatimizning aholi ko‘p Urgut, Payariq, Nurobod tumanlarida yod yetishmovchiligi holatlari ko‘p uchraydi. Shuning uchun aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini jadal olib borishni, malakali endokrinologlar bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz.
Nasiba Jonto‘rayeva.