“Lacetti” uch piyodaning o‘limiga sababchi bo‘ldi

Toshkent shahri Sergeli tumanida biryo‘la uch insonning o‘limi bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 16 fevral kuni soat 07:30 larda Sergeli tumani, Choshtepa ko‘chasida Yangiyo‘l tumanida yashovchi O.A. “VAZ-2106” rusumli transport vositasida harakatlanayotib rul boshqaruvini yo‘qotgan va yo‘l chetida joylashgan uyning devoriga urilgan.

Shundan so‘ng Yangiyo‘l tumanida yashovchi R.Sh. “Lacetti” rusumli transport vositasida harakatlanib kelib, “VAZ-2106” rusumli transport vositasi oldida turgan piyodalarni urib yuborgan.

Oqibatda piyodalar - 77 yoshli S.I. va 60 yoshli M.N. voqea joyida, 61 yoshli D.R. esa shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etgan.