Lukashenko Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga yetib keldi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko amaliy tashrif bilan Rossiya Federatsiyasiga yetib keldi. Belarus rahbarining samolyoti Sochi shahri aeroportiga kelib qo‘ndi. Bu haqda Sputnik Belarus nashri xabar berdi.

Sochi shahrida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin va Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Muzokaralar “yakkama-yakka” formatda o‘tkaziladi. Jurnalistlar ishtirok etmaydi.

Belarus rahbarining Rossiyaga tashrifi 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan keyingi ilk rasmiy xorijiy safari sifatida qayd etilmoqda.

Vaziyat yuzasidan Belarus prezidentligiga sobiq nomzod Svetlana Tixanovskaya Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga murojat yo‘lladi. Tixanovskayaning so‘zlariga ko‘ra, Sochida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuv chog‘ida Aleksandr Lukashenko bilan erishilgan har qanday kelishuv va shartnomalar hech qanday kuchga ega bo‘lmaydi. Sababi, Lukashenko mamlakatning qonuniy prezidenti hisoblanmaydi. U muxolifat hukumat tepasiga kelgan taqdirda Sochida erishilgan kelishuv va shartnomalarning qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz. 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, Aleksandr Lukashenko g‘alaba qozondi. Biroq rasmiy saylov natijalaridan norozi bo‘lgan belarusliklar bir oydan ko‘p vaqtdan buyon norozilik namoyishlariga chiqmoqda.