Lukashenko IIV rahbarini almashtirdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko yangi ichki ishlar vaziri tayinladi. Bu haqda Sputnik Belarus nashri xabar berdi.

Minsk shahar militsiyasi rahbari Ivan Kubrakov mamlakatning yangi ichki ishlar vaziri etib tayinlandi. U Grodno viloyatidagi davlat rahbari yordamchisi lavozimiga tayinlangan Yuriy Karayev o‘rnini egalladi.

29 oktyabr kuni Aleksandr Lukashenko yana ikki nafar hududiy yordamchi tayinladi. Brest viloyati bo‘yicha inspektor etib xavfsizlik kengashi davlat kotibi Valeriy Vakulchuk va Minsk bo‘yicha inspektor etib IIV rahbari o‘rinbosari va jamoat xavfsizligi militsiyasi rahbari Aleksandr Barsukovlar tayinlandi.

Davlat rahbari ularning vakolatlari sezilarli darajada oshirilishini ma’lum qildi.

“Bo‘lib o‘tgan voqealar sababli, uchalangiz nafaqat xavfli hududlarga, balki mamlakatimizning o‘ta mas’uliyatli hududlariga yo‘l olmoqdasiz. Namoyishlar hali tugagani yo‘q. Biz bu ishlar nima bilan yakunlanishini hali bilmaymiz”, degan Belarus prezidenti.