“Ma’nosiz dunyo ne hojat, bir kelib ketmoqmi baxt?”

9 may - Xotira va qadrlash kuni oldidan samarqandlik ijodkorlardan ayrimlarini eslashni lozim topdik. Ulardan biri Sirojiy taxallusi bilan she’rlar bitgan jurnalist va shoir Samariddin Sirojiddinovdir.

S.Sirojiddinov 1932 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Kichik ko‘rpa qishlog‘ida tug‘ildi. Samarqand davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgach, 1970 yillar boshida viloyat “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi tahririyatiga ishga kelgan, muxbir, mas’ul kotib bo‘lib ishlagan.

“Ko‘ngil ohanglari”, “Yashil yaproqlar” she’rlar to‘plami, “Yorqin ufqlar”, “Amu mavjlari” ocherklar to‘plami, “Abadiylik” hujjatli qissa asarlari muallifi.

Gazeta va jurnallarda uning 300 dan ortiq tahliliy, tanqidiy va ilmiy maqolalari chop etilgan.

Samariddin Sirojiddinov 1986 yilda vafot etgan.

Quyida shoirning she’rlaridan birini o‘qiysiz.

***

DUNYoGA QO‘Sh

Dunyo man dunyo bo‘lib, dunyo meni dunyoga qo‘sh,

Jilg‘a-jilg‘a kuylarimni mavji zo‘r ma’noga qo‘sh.

Kuylamoq bo‘ldim, jahonni, kuyga to‘lsin bu jahon,

Neki qalbim zohir etmish, so‘zga qo‘sh, ma’noga qo‘sh.

Ma’nosiz dunyo ne hojat, bir kelib ketmoqmi baxt?

Sargarang bo‘lmay meni ahli jahon oroga qo‘sh.

Zarra-zarra singdirib, bor dilga olam mehrini,

Asra shumlardan va lekin, yaxshiyu a’loga qo‘sh.

Bu jahon xoli emasdur fitnadan yo rashkdan,

Berma bog‘lab shum raqibga do‘stga qo‘sh, donoga qo‘sh.

Men uchun kim aqli dono birla dunyo barkamol,

Barkamollikni kasb etib, ijroga qo‘sh.

Barkamol sen baxtim chaman, qilsin yorug‘ oftob yo‘lin,

Toleimni ko‘rkam etgin, gulga qo‘sh, ra’noga qo‘sh.

Chunki o‘ylar bu Sirojiy jono el baxtini,

Gar tilarsan baxti yorliq, sen meni dunyoga qo‘sh.