Mahalla raisi saylovi adolatli va shaffof o‘tkaziladi

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida xalq deputatlari shahar, tuman kengashlarining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalari raislari va a’zolari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. 

Oliy Majlis Senati a’zosi, viloyat ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi N.Rabbimova, Oliy Majlis Senatining tashkiliy-nazorat bo‘limi mudiri o‘rinbosari A.Boboyev saylov jarayonida komissiya va ishchi guruhlar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan masalalar haqida so‘z yuritdi.

- Mahalla raislari saylovi jarayonlarining adolatli va shaffof bo‘lishi ishchi guruhiga bog‘liq, - deydi A.Boboyev. - Oldingilardan farqli o‘laroq, bu yilgi saylovda tuziladigan ishchi guruhi 3 yil mobaynida mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda doimiy ish olib boradi. Saylovchilarning talabi qoniqtirilishi ustidan nazorat o‘rnatadi. Shuningdek, yangilik sifatida saylovda qatnashadigan vakillarga ham alohida talablar qo‘yilgan. Yana bir afzalligi, endi ovozlar yashirin tarzda beriladi va ochiq holatda saylovchilar oldida nomzodlar to‘plagan ovozlar sanaladi. Bundan tashqari, saylov byulletenida ko‘rsatilgan nomzodlarning rasmi joylashtiriladi.

O‘quv-seminar davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.Xuddi shunday hududiy o‘quv-seminar Kattaqo‘rg‘on shahrida ham o‘tkazildi. 

Husan ELTOYEV.