Mahallamiz oqsoqolligiga kimni saylaymiz?
Fuqarolar yig‘ini raisi saylovini o‘tkazish va tashkil etishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi a’zolari Paxtachi tumanining Obodon va Nurafshon mahallalarida mahalla oqsoqolligiga saylov o‘tkazish tartiblari xususida seminar tashkil etdi.
Tadbirlarda tuman adliya bo‘limi mutaxassislari, mahalalardagi ishchi guruhi a’zolari hamda aholi vakillari ishtirok etdi. Tuman adliya bo‘limi boshlig‘i E.Davronov, komissiya a’zolari Prezidentimiz tomonidan mahalla instituti mavqei, mahalla raisining maqomini oshirish bo‘yicha qabul qilingan farmonlari mazmun-mohiyati, saylovni tashkil etish va o‘tkazishning huquqiy asoslariga doir tushunchalar berishdi.
- Mahallamizda 2 ming 300 dan ziyod aholi istiqomat qiladi, - deydi Obodon mahallasining saylov bo‘yicha ishchi guruhi rahbari Safar Yaxshiboyev. - Saylash huquqiga ega 1251 nafar fuqaro orasidan 180 nafar saylovchi ro‘yxatini shakllantirdik. Shu davrgacha uch marta mahalla kengashi yig‘ilishini tashkil etib, raislikka uch nafar nomzodni tavsiya etdik. Ko‘rsatgan nomzodlarning ikki nafari respublika ishchi guruhi suhbatidan o‘tolmadi. Hozirda yana uch nafar nomzodni tavsiya qilib, hujjatlarini tayyorladik. Bugungi seminar davomida esa saylovni shaffof o‘tkazish bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega bo‘ldik.
Abdug‘ofur ShERXOLOV.