Mahkumlar o‘zlari munosib deb topgan nomzodlarga ovoz berdi

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 5-moddasida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi, deb belgilangan. Lekin ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylovda ishtirok etish, ya’ni saylash huquqi mavjud.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasiga qarashli 38-manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishdi.

- Saylov kodeksining 29-moddasida saylovchilar ro‘yxati bilan qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi, deb belgilangan, - deydi koloniyaning tarbiyaviy ishlar bo‘linmasi boshlig‘i Abror A’zamov. - Ushbu modda asosida manzil koloniyamizda jazo muddatini o‘tayotgan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan 19 nafar mahkum Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarning saylovoldi dasturlari bilan tanishtirildi. Bugun ular ajratilgan texnika vositalarida Samarqand shahridagi 17-saylov uchastkasiga borishdi va o‘zlari munosib deb topgan nomzodlarga ovoz berdi.