Mahkumlarga nisbatan insonparvarlik tamoyili qo‘llanildi
Sudlar tomonidan odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatini amalga oshirishiga ko‘maklashuvchi normalar milliy qonunchiligimizda o‘z aksini topgan bo‘lib, inson, uning huquq va erkinliklari samarali himoya qilinishi kafolatlangan.
Jinoyat kodeksining 7-moddasida, insonparvarlik prinsipi — jazo va boshqa huquqiy ta’sir choralari jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish maqsadini ko‘zlamaydi, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzalishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo‘ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasi qo‘llanilishi kerak, jazolashdan ko‘zlangan maqsadga ushbu Kodeks maxsus qismining tegishli moddalarida nazarda tutilgan yengilroq choralarni qo‘llash orqali erishib bo‘lmaydigan taqdirdagina og‘irroq jazo choralari tayinlanishi mumkinligi qayd qilingan.
Jinoyat kodeksi 73-moddasida jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish normasi, shu Kodeksning 74-moddasida esa — jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish normasi o‘z aksini topgan.
Mazkur qonun talablariga ko‘ra, jazodan ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish, o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lgan hamda jazoning belgilangan qismini o‘tagan mahkumga nisbatan qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi arafasida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyalari tomonidan 23 nafar mahkum JKning 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi.
Shuningdek, Samarqand viloyat IIB 38-sonli manzil koloniya boshlig‘i tomonidan jazo muddatini o‘tab kelayotgan mahkumlar orasidan o‘rnatilgan tartib-qoida talablarini bajargan va mehnatga halol munosabatda bo‘lib, tuzalish yo‘liga o‘tgan 10 nafar mahkumga insonparvarlik prinsipi qo‘llanilib, JKning 74-moddasiga asosan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilroq jazo turlari bilan almashtirilib, qamoqdan ozod qilindi va mahkumlar oila a’zolari bag‘riga qaytarildi.
Shohrux MIRZAAXMEDOV, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.