Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Turkiy bilgan kishi zamonni bilur”
Turkiston jadidlari sardori Mahmudxo‘ja Behbudiy nomi dramaturg, noshir, “usuli savtiya” jadid maktabining asoschisi, mohir pedagog, darsliklar muallifi, “Behbudiya” kutubxonasi tashkilotchisi, jahongashta olim kabi yorliqlar bilan tarix sahifalaridan o‘rin oldi.
Yuqorida keltirilgan ta’riflar haqida ko‘plab dalillar, isbotlar keltirish mumkin. Lekin Behbudiyning tilshunoslik borasidagi fikr-g‘oyalari, nazariy qarashlari, qolaversa, o‘ziga xos ta’limoti ham borki, uning tilshunos olim sifatida e’tirof etilishiga asos bo‘ladi. Til jonkuyari sifatida chor Rossiyasi vakillari bilan olib borgan mabohasalari, adib tomonidan qo‘yilgan talablar orasida o‘zbek tilini davlat siyosati darajasiga olib chiqish masalalari ham olimning haqiqiy millatparvar ekanligidan dalolatdir.
Tilshunoslikning bir yo‘nalishi nutq madaniyati hisoblanadi. Jadidlarning o‘zbek nutqi madaniyatini rivojlantirishda ham o‘ziga xos o‘rni bor. Behbudiyning bu boradagi qarashlarini bir tomondan milliylikka asoslangan ta’lim usullari va zamonaviy pedagogika ta’siridan ajratib bo‘lmaydi. Zotan, nutq madaniyatiga sohiblik malakalari ta’lim va tarbiya jarayonlarida shakllantiriladi. Dunyo tilshunosligida tildan to‘g‘ri va mahorat bilan foydalanish qoidalarini o‘rgatish, ya’ni madaniy nutq tuzish yo‘llarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan soha til didaktikasi yoki lingvodidaktika nomi bilan ham yuritiladiki, bunda nutq madaniyati va pedagogikaning bir qismi bo‘lgan didaktika o‘rtasidagi zich aloqa yaqqol namoyon bo‘ladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy o‘zbek lingvodidaktikasi qatori tilimiz me’yorlashuvi, nutq madaniyati rivojiga ham munosib hissa qo‘shdi. Tilshunos olim Suyun Karimov o‘zining “Behbudiy – o‘zbek tilining jarchisi” maqolasida allomaning nutq madaniyati va til me’yori masalalariga ham alohida e’tibor berganligiga to‘xtalib o‘tadi. Muallifning qayd etishicha, Behbudiy 1908 yilda yozgan “Kitobat ul-atfol” (“Bolalar kitobi”) darsligida til amaliyotiga e’tiborni qaratib, yozma nutqdagi, xususan, maktublardagi me’yoriy holatlarga doir mulohazalarini bayon qiladi. Ta’kidlaydiki, yozadigan kishi o‘z muddaosini yaxshi tushunsin, bilmaydigan so‘zni yozmasin, yozuvda imlo qoidalariga rioya qilsin, chet so‘zlarni qo‘llashdan tiyilsin, o‘qiydigan odamni ham hisobga olsin, sodda va tushunarli yozsin.
Ko‘rinib turibdiki, u bolalarni yoshligidan nutq madaniyatiga e’tiborli bo‘lishga, ortiqcha so‘zlarni ishlatmaslikka, latif, quloqqa yoqadigan so‘zlardan foydalanishga chaqiradi. Yoshlikdan to‘g‘ri yozish va barchaga ma’qul keladigan adabiy tilda yozish ko‘nikmasini shakllantirish masalasini o‘rtaga qo‘yadi.
Behbudiyning o‘zbek tilining haqiqiy jonkuyari sifatidagi faoliyati publitsistik maqolalari va badiiy asarlaridagina o‘z aksini topmagan. U chor Rossiyasi vakillariga bir necha marta murojaat qilib, o‘z davri ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, davlat tili bo‘yicha bir qator takliflar bergan. Masalan, “Turk adami markaziyat (federalist) firqasining maromnomasi” va “Turk adami markaziyat firqasining nizomnomasi”ni ishlab chiqqan. Bu loyihalarda ijtimoiy hayotning turli jabhalarini yaxshilash borasida berilgan tavsiyalar qatorida til ta’limi islohotlariga doir fikrlar bor.
Behbudiy imperator vakili bo‘lib kelgan graf Palenga Turkiston xalqining turmush tarzi to‘g‘risida taqdim etgan “Loyiha-proyekt”ida ham “zako‘n va sudya bizg‘a jabr qilmaydur, balki til bilmaganimizdan, zako‘n bilmaganimizdan, zamondan xabarsizligimizdan jabr ko‘rarmiz”, deb yozgan edi.
Ta’kidlash joizki, Behbudiy yashagan davrda tilga bo‘lgan nazariy qarashlar bir-biridan keskin farq qilgan. Ayrim jadidlar o‘zbek tili tarkibiga asrlar davomida o‘rnashib qolgan fors va arab tillaridan voz kechish masalalarini olg‘a surayotgan bo‘lsa, boshqalari Turkiston hududida qo‘llanadigan sheva va lahjalarni adabiy til me’yorlariga kiritish lozimligini qayd qilardi. Turkistonda doimiy ravishda uch tilda – turkiy, arabiy, forsiy tillarda faoliyat olib borilganligini yaxshi anglagan Behbudiy zamon siyosati va talabini ham hisobga oladi. O‘z millatdoshlariga rus va Yevropa tillarini o‘rganish zarurligini uqtiradi.
“Oyina” jurnalining 1915 yilgi 11-12-sonlarida chop etilgan “Til masalasi” maqolasida Mahmudxo‘ja Behbudiyning til falsafasi, ijtimoiy vazifasi va leksikasiga oid mulohazalari o‘z ifodasini topgan.
Behbudiy Turkistonda adabiy til hanuz bir me’yorga keltirilmayotganidan afsuslanadi. Sheva va lahjalar birlashib, me’yorlashtirilgan adabiy til asosida so‘zlash va yozish lozimligini ta’kidlaydi. Shuning uchun ham maqolaning muhim bir qismini tilni mumkin qadar soddalashtirish va adabiylashtirish borasidagi qarashlari tashkil etadi. Rossiya va Kavkaz musulmonlari matbuotini taqqoslab o‘rganishi, “Vaqt”, “Sho‘ro”, “Yulduz” jurnallarini solishtirishi natijasida ularning matbuot tili so‘zlashuv tilidan (muallif uni ko‘cha tili, avom tili, sodda til degan nomlar bilan ataydi – D.R.) bir necha daraja yuqori ekanligini va kun sayin takomillashib borayotganini qayd etadi.
Matbuot nashrlarini, ilmiy asarlarni so‘zlashuv tilida yozish mumkin emas. Ilm-fan va kasb-hunar rivojlanib bormoqda. Hozircha narsa-hodisalarni o‘zga tildagi nomlar bilan atamoqqa majbur bo‘lmoqdamiz. Ularni o‘z tilimizda ifodalash uchun narsalarga turkiy nom qo‘yadigan jamiyatlar barpo etish lozim.
Adibning til haqidagi qarashlari o‘nlab asarlarida bayon etilgan. Ammo ikkita maqola – “Ikki emas, to‘rt til lozim” va “Til masalasi” maqolalari bevosita ushbu masalaga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli.
“Ikki emas, to‘rt til lozim” maqolasida to‘rt tilni bilishning ilmiy ahamiyatini asoslab bergan bo‘lsa, “Til masalasi” asarida dunyo ilmu fanidan xabardor bo‘lmoq uchun rus, nemis, fransuz, ingliz, italyan, arab, yapon tillaridan birini bilmoq kerak, degan g‘oyani ilgari suradi. Darhaqiqat, dunyo ahli bilan muloqotga kirishishning, mamlakat ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotiga daxldor bo‘lishning, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, adabiyot va san’at bilan mashg‘ul bo‘lishning eng samarali yo‘li – til bilish ekanligini bugungi hayotning o‘zi ham isbotlab turibdi.
Dilafro‘z Rahmatova.