Makkada O‘zbekistondan koronavirus daf bo‘lishini so‘rab, duo qilindi

O‘zbekistondan kasallik ko‘tarilishini so‘rab Baytullohda duo qilindi, deb xabar berdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi.

"O‘zbekiston musulmonlari idorasining "Haj" va "Umra" safarlari bo‘yicha Saudiya Arabistonidagi hamkor "al-Hidoya" shirkati vakillari Makkai mukarramadagi Harami sharifda insoniyat boshiga kelgan bu xastalikning daf bo‘lishini so‘rab, Haq taologa yolvorib, quyidagi duoni o‘qidilar", deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanganlik bo‘yicha ilk holat 14 mart kuni Fransiyadan qaytib kelgan toshkentlik ayolda aniqlangan edi. Mamlakatda shu vaqtga qadar bemorlarning 25 nafari sog‘aydi, ikkitasi vafot etdi. Ayni vaqtda koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxslar soni 263 nafarga yetgan.

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Atabekov koronavirusga chalingan bemorlarning 4 nafari og‘ir ahvolda ekanligini aytgan.

Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti 11 mart kuni yangi turdagi koronavirus infeksiyasi - COVID-19 tarqalishini pandemiya, deb e’lon qilgan edi. 3 aprel soat 09.30 holatiga dunyoning 204 davlatida jami 1 015 877 nafar bemorlarda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan 212 992 nafari sog‘aygan, 53 217 nafari vafot etgan, 37 654 nafar bemorlar og‘ir ahvolda qolmoqda.