Xalqimizga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish bugun har qachongidan dolzarb
Bugungi kunda muqaddas dinimizga bo‘lgan e’tibor yangi bosqichga ko‘tarildi. Yildan-yilga muborak Haj va Umra safarlariga borayotganlar safi ortib, ular uchun yaratilayotgan sharoitlar kengaymoqda. Prezidentimiz bugungi kunda din xizmatchilari, ibodatga bel bog‘lagan yurtdoshlarimizni atrofdagilarga o‘rnak bo‘lish, hayotda qoqilgan yoki adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashga da’vat etmoqda.
Diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilishga xizmat qilish bilan birga necha asrlardan beri Islom diniga e’tiqod qilib kelayotgan xalqimizning diniy ma’rifatini yanada yuksaltirishda katta ahamiyat kasb etyapti.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovni qabul qilar ekan, muloqotda diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda, buyuk ajdodlar ilmiy merosini o‘rganish va xalqimizga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilingan.
Suhbat jarayonida bugungi tahlikali dunyoda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga islom mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Shu bois yurtimizda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, diniy ta’lim sifatini yanada oshirish, ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganib, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalari faoliyatiga tatbiq etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Ramazon oyi davomida barcha imom-xatiblar ishtirokida mahallalardagi 1 milliondan ziyod kam ta’minlangan aholining uyida iftorliklar uyushtirildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hisobidan yordamga muhtoj fuqarolarga 2 milliard 446 million so‘mlik xayr-u ehsonlar qilindi.
“Bu yilgi Ramazon oyidagi yana bir muhim yangilik 1 400 nafar kam ta’minlangan fuqaroning davlat tomonidan Umra ziyoratiga yuborilishi bo‘ldi. Ular muqaddas manzillarda turib, xalqimizga tinchlik, fayzu baraka tilab, xayrli duolar qildilar.
Shu bilan birga Prezident jamiyatda diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlash, fuqarolarning vijdon erkinligini kafolatlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirgani rasmiy axborotlarda qayd etilmoqda.
Ushbu uchrashuv va unda muhokama qilingan masalalar davlatimiz tomonidan dinimizga qaratilayotgan e’tiborning yana bir namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Diniy sohada xizmat qilayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va talabalarga hamda barcha islom diniga e’tiqod qiluvchi fuqarolarimiz bu kabi e’tibordan mamnun bo‘lmoqdalar. Shu bilan birga bu uchrashuv diniy soha xodimlari o‘z vazifalariga yanada sidqidildan yondashishlari, xalqimizning hidoyatdan og‘ishmasliklari uchun hamda buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’naviy meroslarni targ‘ib etishlariga undovchi tarixiy uchrashuv bo‘lganligini ta’kidlash lozim.
Zayniddin EShONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi.