O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sharqiy Quddusdagi mo‘min-musulmonlar uchun eng tabarruk mintaqada notinchliklar davom etayotganidan jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
Idora Quddus shahrida Al-Aqso masjidi Islom dini manbalarida keltirilgan uch muqaddas masjiddan biri ekani va u mo‘min-musulmonlar uchun doimo azizu mukarram ekanini eslatgan.
Ta’kidlanishicha, o‘z navbatida ushbu mintaqada boshqa din vakillari uchun ham tabarruk hisoblangan ziyoratgohlar mavjud. Shunday ekan mintaqada zo‘ravonlik, jabru sitamga chek qo‘yilishi hamda bundan buyon shafqatsizlik va qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik juda ham muhim hisoblanadi.
“O‘zbekiston musulmonlari idorasi hozirgi qaltis vaziyatda davlatlar, millatlar va elatlar o‘rtasidagi nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish eng to‘g‘ri yo‘l, deb hisoblaydi. Ayni vaqtda mo‘min-musulmonlarni mavjud voqelikni Quddusdagi vaziyat bilan bog‘lagan holda noo‘rin bahs-munozaralar, ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishga, noto‘g‘ri xatti-harakatlarga da’vat qilayotgan fitnalardan ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz”, deyilgan idora bayonotida.