O‘zbekiston Musulmonlari idorasi metropoliten qurilishida ayanchli vafot etganlar oilalariga hamdardlik bildirdi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi 2019 yil 18 dekabr kuni Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining yangi qurilayotgan qismida yer o‘pirilishi oqibatida qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Aziz yurtdoshlar, ushbu fojiada halok bo‘lganlarning haqlariga duolar qilish, mag‘firat so‘rash va yaqinlariga tasalli berish barchamizning insoniy burchimizdir.
Inson qachon, qayerda va qanday holatda vafot etishini bilmaydi. Dinimizda biror fojia bilan vafot etgan mo‘minning darajasi yuqori bo‘lishi aytilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida kishi suvga g‘arq bo‘lib, o‘tda kuyib, tom ostida qolib vafot etsa, shahidlik maqomini topishi ta’kidlangan.
Dinimizda o‘tganlarga duoyi xayrlar qilish mo‘minlik haqlaridan hisoblanadi.
Shunday ekan ushbu fojiada vafot etgan yurtdoshlarmizning haqlariga duo qilib, Yaratgan parvardigordan ularning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini iltijo qilib so‘raymiz. Ularning oila a’zolari va yaqinlarining musibatlariga sherik ekanimizni bildirgan holda sabru jamil tilaymiz.