Bolalar sho‘xligi oqibatida ko‘p qavatli uy xonadonida yong‘in yuzaga keldi
Bugun, 12 yanvar kuni soat 11:13 da Toshkent viloyati, Chirchiq shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limiga Chirchiq shahar 8-kichik daha 9-uyda yashovchi fuqarolar tomonidan ushbu uyning 41-xonadonida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqidagi xabar kelib tushgan.
Mazkur xabar yuzasidan tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi yong‘in-qutqaruv guruhi voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan. Qutqaruvchilarning o‘z vaqtida ko‘rgan tezkor harakatlari natijasida ushbu xonadonda istiqomat qiluvchi 1950 yilda tug‘ilgan fuqaro K.A. hamda nabirasi, 2018 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan Sh.D. alanga ichidan olib chiqilgan. Ularga tibbiyot xodimlari tomonidan birinchi yordam ko‘rsatilgan. Tan jarohatlari aniqlanmagan.
Hodisa oqibatida uyning 30 kvadrat/metr maydoni zarar ko‘rgan bo‘lsa, qutqaruvchilarning sa’y-harakati bilan xonadonning 60 kvadrat/metr maydoni saqlab qolingan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, dastlabki surishtiruv ishlari davomida sodir bo‘lgan yong‘inning taxminiy kelib chiqish sababi bolalar sho‘xligi oqibatida yuzaga kelganligi deb taxmin qilinmoqda.