Samarqanddan Toshkentga bir tonnadan ortiq noma’lum hayvon go‘shtini olib kelayotgan Isuzu to‘xtatilgan
Toshkentda iste’molga yaroqsiz go‘sht olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik tadbirlar davom etmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahar IIBB JTSB Karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi xodimlari sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari bilan birga, avgust oyining 10 kuni davomida poytaxtga 1 497 kilogramm sifatsiz go‘sht mahsulotlarini olib kirishning oldi olingan.
Xususan, Chilonzor tumani THAY bo‘ylab o‘tkazilgan tungi tadbir paytida Samarqand—Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan 28 yoshli Q.X. boshqaruvidagi Isuzu rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilgan. Tekshiruv jarayonida veterenariya hujjatlariga ega bo‘lmagan, maydalangan va muzlatilgan holdagi jami 1 111 kilogramm noma’lum hayvon go‘shti olib ketilayotgani ma’lum bo‘lgan. Go‘sht mahsulotlari laboratoriyaga tekshirish uchun yuborilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 109-moddasiga ko‘ra, veterinariya, veterinariya-sanitariya qoidalari va normalarini buzish ma’muriy javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.