Bashoratchi Qora Mariya

Fransiyaning shimoli-g‘arbidagi Normandiyaning Alonson shaharchasida g‘ayritabiiy qobiliyatli qizaloq dunyoga keldi. U butun Parijga mashhur folbin Lenorman avlodidan edi. Qora Mariya nomi bilan tanilgan ayolning bashoratlari ro‘yobga chiqardi.

1814 yilda gvardiyachi S.Muravev Parijda taniqli folbin Mariya Lenorman huzuriga keladi va taqdirini aytib berishini so‘raydi. Folbin hatto kartalarini ham ochmasdan, uning ko‘ziga tik qarab qatl etilishini aytadi: «Siz osilasiz», dedi u pinagini ham buzmay.

Folbin yosh zobit Napoleon Bonapart taqdirini ham bexato aytib beradi. Uni Fransiya imperatori bo‘lishi, rafiqasi Jozefina bilan ajralishini, mamlakati Rossiya bilan urushda mag‘lub bo‘lishini ham aytadi.

O‘tmishda ham, hozirda ham inson ruhiyatidagi bunday aqlbovar qilmas hodisalar ro‘y berib turadi…

1772 yil 27 mayda Fransiyaning Fler de-Alanson qishlog‘ida Parijdan 60 chaqirim narida badavlat oilada qizaloq tug‘ildi. Chaqaloqni yovuz ruhlardan asrash uchun Mariya Anna – Adelanda, deb uzun ism qo‘yishdi. Xudo unga go‘zal jamol ravo ko‘rmadi. Sakkiz oylik homila paytida onasi yiqilgani sababli qizaloq jismoniy nuqson bilan tug‘ilgandi. Bir oyog‘i ikkinchisidan kalta, bir yelkasi ikkinchidan baland edi. Unga bolaligidan qattiq og‘riq azob berardi. Oilaning boshi g‘urbatdan chiqmay qoldi. Qizaloq atrofida qandaydir soyalar ko‘rinar, shivirlashlar eshitilardi. Qizaloq qorong‘ilikdan qo‘rqmas, matolar, devor va boshqa to‘siqlar orqasini bemalol ko‘rardi. Qo‘shni xonalarda kimlar borligi, nimalar bo‘layotganini aytib berardi. Oila a’zolari qizaloqni yovuz kuchlar qamrab olganidan daxshatga tushishardi. Shu sabab uni monastirga topshirishdi. Ammo bu yerda ham unga hech qanday chora-tadbir yordam bermadi. Aksincha, qizdagi g‘alati holatlar unga kelajakni bashorat qilish qobiliyatini paydo qildi. Tarbiya yordam bermagach, otasi uni 16 yoshida monastirdan olib ketdi.

Bir kuni otasi uyda yo‘q paytida Mariyaning qo‘liga qarta tushib qoldi. U qartadagi rasmlarga qaramasdan bashorat qila olishini his etdi. U yoyib qo‘yilgan qartalarning “dama” yoki “valet” ekanligini ochmasdan bexato aytardi.

Bir yildan keyin otasi vafot etgach, oila Parijga ko‘chib keldi. Qiz avval bichuvchi, keyin sotuvchi bo‘lib ishlay boshladi. Ammo noyob qobiliyati ustun keldi. U salon ochib, hayotda mushkul ahvolga tushib qolgan odamlar taqdirini fol ochib ayta boshladi. Uning bashoratlari to‘g‘ri chiqishi bilan odamlarni hayratga solardi. Ko‘p o‘tmay, Mariya poytaxtning eng badavlat va nufuzli kishilarining maslahatchisiga aylandi. Mariyaning Napoleon va Jozefina taqdiri haqida bashoratlari bexato ro‘yobga chiqqach, imperator uni million frank bilan taqdirladi va Jozefinaning folbini qilib tayinladi. Lekin Napoleon qo‘shinining mag‘lubiyati haqida aytganlari to‘g‘ri chiqqach, 1808 yilda folbin Parijdan quvg‘in qilindi. Lekin bashoratchiga oddiy odamlardek yashash nasib etmadi. Uning bashoratlaridan amaldorlar qo‘rquvga tushib qolishgandi. 1821 yilda Lenorman cherkov sudiga berildi. Sud uni umrbod qamoq jazosi va katta miqdorda jarimaga hukm qildi. Shundan keyin Mariya siyosatdan butunlay ketdi. Biroq uning haqgo‘y bashoratchi sifatida dovrug‘i qolaverdi. 1843 yilda Mariya Lenorman oldindan o‘z taqdirini bashorat qilganiday, noma’lum erkak tomonidan bug‘ib o‘ldiriladi.

T.Shomurodov tarjimasi.