O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Qo‘shrabotdagi “Domla Kamoliddin Oxund” jome masjidiga keldi
Qo‘shrabot tumani Shova qishlog‘idagi “Domla Kamoliddin Oxund” jome masjidi ulug‘ qadamjolardan biridir. Mustaqillik yillarida ushbu tabarruk manzilni obod etishga kirishildi, domla Kamoliddinning uy-joylari asl holiga keltirildi, masjidi, bog‘-rog‘lari zamonaviy tarzda qayta qurildi, obodonlashtirildi va 2002 yilda bu joy uy-muzeyiga aylantirildi.
Keyingi yillarda masjid va u zotning maqbarasi yanada obodonlashtirildi. 2020 yilda viloyat hokimligi hamda diniy idoralar tashabbusi bilan bu yerda yangi masjid binosi qad rostladi. Domla Kamoliddin Oxundning maqbarasi yangi qiyofaga keltirildi.
Yaqinda masjidda olib borilgan ishlar bilan tanishish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Usmonxon Alimov, Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari D.Mamadqulov va qator diniy idora vakillari ushbu qishloqda bo‘ldi.
Dastlab Usmonxon Alimov alloma maqbarasi va uy-muzeyida olib borilgan qurilish, obodonlashtirish ishlari, yangi bino qilingan masjid va tahoratxonani ko‘zdan kechirdi. Shu yerda aholi bilan suhbatlashib, yurtimizda olib borilayotgan ijtimoiy, ma’rifiy islohotlar, dinimiz ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, ulug‘ allomalarimizning ilmiy meroslarini o‘rganish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tadbirlar haqida so‘z yuritdi.
- Masjidlar dinni o‘rganish, Qur’onni yodlash, Payg‘ambarimiz hadislarini o‘qish uchun ilm va zikr majlislari tashkil etiladigan bo‘stondir, - dedi Usmonxon Alimov. – Shu jihatdan “Domla Kamoliddin Oxund” masjidi odamlar bir-birlaridan tarbiya, axloq, odob o‘rganadigan joy. Bu fikrimizni domla Kamoliddinning odamlarga ilm, ziyo tarqatgan inson bo‘lganidan ham anglash mumkin. 1868 yilda mana shu qishloqda dunyoga kelgan bu muhtaram zot yoshligidan zehnining juda o‘tkirligi, zukkoligi bilan ko‘pchilikning nazariga tushgan. O‘tkir qobiliyati va iqtidori tufayli uning nomi elga, hatto arab mamlakatlariga ham taralgan. Domla Kamoliddin Oxundning avliyolik sifatlari yorqin namoyon bo‘lib, Naqshbandiya tariqati bo‘yicha o‘ttiz ikki avliyo sifatida musulmon olamida tilga olingan.
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Samarqand viloyati vakilligi axborot xizmati.