Spektakllar tomoshabinni o‘ziga jalb qila olyaptimi?
Bugungi kunda teatr san’ati jamiyat ma’naviy hayotining ajralmas qismi sifatida yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Yurtimizdagi teatrlar faoliyatiga nazar tashlasak, ular nafaqat boy tarix va shakllangan ijodiy maktabga ega madaniy maskan, balki zamonaviy talablar, o‘zgaruvchan tomoshabin didi va iqtisodiy omillar ta’sirida rivojlanayotgan murakkab tizim ekanini ko‘ramiz. Ayni paytda teatrlar oldida badiiy saviyani saqlash va keng jamoatchilikni jalb qilish masalasi turibdi.
Xo‘sh, teatr jamoalari bu vazifalarni qay darajada uddalayapti?
Bir asrlik ega viloyat musiqali drama teatri repertuarida bugungi kunda 40 ga yaqin spektakl namoyish etilmoqda. Ular orasida jahon dramaturgiyasining sara namunalari, milliy va zamonaviy asarlar, musiqali sahna ishlari, bolalar uchun mo‘ljallangan spektakllar hamda tarixiy mavzulardagi asarlar mavjud.
- O‘zbek va jahon dramaturgiyasining eng sara namunalarini izlab topish, ularni sahnalashtirish ustida ishlayapmiz, - deydi viloyat musiqali drama teatri bosh rejissyori Shuhrat Sanaqulov. - Chinakam badiiy qiymatga ega asarlar har qanday davrda ham tomoshabin qalbiga yo‘l topadi. Biroq bugungi kunda tomoshabinni jalb etish masalasi juda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Rosti, har doim ham spektakllar maromiga yetkazib sahnalashtirilmaydi. Chunki rollarini mahorat bilan ijro etadigan, sahnani his qila oladigan iqtidorli aktiyorlarimiz kam. Shu bilan birga, teatrga borishni odatga aylantirmagan va umrida bir marta ham spektakl tomosha qilmaganlar bor. Misol uchun, bepul namoyish etgan spektakllarimizga ham odamlar kam keladi va oxirigacha ko‘rishga sabri yetmaydi yoki bilet qimmatligini bahona qilib tetarga kirmaydi. Bu esa bizda haligacha tetarga borish madaniyati shakllanmaganini ko‘rsatadi. Teatrga tomoshabinni ko‘proq jalb qilish uchun avvalo, zamon bilan hamnafas yurish, odamlarning qarashlari va axborot texnologiyalarini hisobga olib, taniqli aktyorlar va iqtidorli yoshlarni zamonaviy usulda spektakllar yaratishga jalb qilish kerak.
Viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Feruzbek Abdurayimovning ta’kidlashicha, rivojlangan mamlakatlarda madaniyat va san’atga e’tibor yetakchi o‘rinlarda turadi. Bolalar bog‘cha yoshidanoq teatr nimaligi va asarlardagi qahramonlarni kashf qilib bo‘lishadi. Bizda esa bu jarayon endi shakllanyapti. Teatr faqat mazmunli hordiq chiqaradigan madaniyat maskani emas, balki tarbiya maktabi hamdir. Tomoshabinni shakllantirish uzoq muddatli jarayon bo‘lgani uchun teatrga borishni yoshlikdan odatga aylantirish maqsadga muvofiq. Albatta, bunda ota-onalarning roli katta. Ammo taraqqiyot teatrlar oldiga ham murakkab talablarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar ta’sirida o‘sgan yosh avlod tezkor, dinamik va vizual jihatdan boy kontentga o‘rganib qolgan. Bu tabiiy ravishda sahna asarlariga bo‘lgan talabni ham o‘zgartirmoqda. Natijada repertuarda komedik janrdagi spektakllar ulushi oshib bormoqda. Ushbu jarayon dastlab bolalarni yengil asarlar bilan teatrga qiziqtirib, keyin katta spektakllarga o‘rgatishni talab etadi. To‘g‘ri, tomoshabin talabidan chetda qolib bo‘lmaydi va yengillik ortidan quvib, badiiy saviyani yo‘qotish ham xato. Chunki teatrning asosiy vazifasi faqat ko‘ngilocharlik emas, balki fikrlashga undash va hayotiy xulosalarni chiqarishga o‘rgatishdir.
Mutaxassislar fikridan ko‘rish mumkinki, teatrlarda chuqur g‘oyaviy mazmunga ega asarlar yaratish va zamonaviy texnologiyalarni tizimga to‘liq olib kirish asosiy jihatlar sanaladi. Xususan, lazer effektlari, katta sahna monitorlari, 3D vizual yechimlar spektakl imkoniyatlarini kengaytiradi. Texnologiya faqat tashqi effekt emas, balki asar mazmunini teran ochib berish va tomoshabinni o‘sha muhitga olib kirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, mutaxassislar tomoshabin tarbiyasi va teatrga muhabbat oiladan boshlanishini ta’kidlamoqda. Albatta, bolalikdan shakllangan estetik did va madaniy ehtiyoj keyinchalik jamiyatning ma’naviy saviyasiga ta’sir ko‘rsatadi. Demak, teatr nafaqat sahnada, balki jamiyat ongida ham o‘z o‘rnini mustahkamlashi uchun tomoshabinni shakllantirish kerak. Bunda oilalar, ta’lim dargohlari va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik orqali yosh avlodni teatrga jalb qilish, ularda san’atga muhabbat uyg‘otish muhim ahamiyat kasb etadi.
Sarvinoz MAMANOVA,
viloyat musiqali drama teatri adabiy qism mudiri.