Maktab uchun jihozlarni qachon, qanday olish kerak?
Yangi o‘quv yili boshlanyapti. Bu paytda har qanday maktab direktori yoki davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari o‘zi boshqarayotgan ta’lim dargohining moddiy-texnik bazasi mustahkam bo‘lishini xohlaydi. Ya’ni, qaysidir sinfga parta yoki doska, qaysidir fan kabinetiga o‘quv qurollari, sportzalga koptok yoki voleybol setkasi deysizmi, qo‘yingki, o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun zarur jihozlar kerak.
Bu inventarlar, tabiiyki, byudjet mablag‘laridan xarid qilinadi. Byudjet pullarini bu jihozlar xaridi uchun yo‘naltirishning esa o‘z qoida, tartib va muddatlari bor. Tahririyatimizga aynan shu masalada ko‘proq murojaat bo‘lyapti.
Viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi ijtimoiy soha iqtisodiyoti va muassasalarni moliyaviy ta’minlash bo‘limi mutaxassisi Bobur Mirzayev ana shu tartiblar haqida gapirdi.
- Bu savollarga Byudjet kodeksining 85-89-moddalarida aniq javob bor, - deydi B.Mirzayev. - Ya’ni, 85-moddaga ko‘ra, avvalo, mablag‘ oluvchi, masalan, viloyat yoki shahar hokimligi iqtisodiyot va moliya vazirligiga byudjet so‘rovi jo‘natishi lozim. Shu bilan bir vaqtda ular tegishli byudjetlar va davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlarining kelgusi davr uchun prognozlarini taqdim etadi. Byudjet so‘rovi - byudjet tashkilotining, mablag‘ oluvchining va uni taqsimlovchining byudjetlari mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq faoliyatining miqdor va sifat ko‘rsatkichlarini, shuningdek, o‘tgan yilda erishilgan va joriy yilda kutilayotgan natijalar to‘g‘risidagi tahliliy hisobot hamda kelgusi davr uchun byudjet buyurtmasini o‘z ichiga olgan hujjat hisoblanadi.
Keyingi jarayon esa quyidagicha shakllanadi: Byudjet tashkiloti, byudjet mablag‘lari oluvchi va byudjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan o‘tgan yilda erishilgan va joriy yilda kutilayotgan natijalar to‘g‘risidagi tahliliy hisobot tuziladi. Bu byudjet tashkiloti, byudjet mablag‘lari oluvchi va byudjet mablag‘larini taqsimlovchining faoliyatini baholash, bundan buyon uni byudjet tizimi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishning maqsadga muvofiqligi haqida takliflar tayyorlash uchun foydalaniladi.
Shundan so‘ng byudjet tashkiloti, bu mablag‘ni oluvchi va byudjet mablag‘larini taqsimlovchi tomonidan byudjet buyurtmasi tuziladi. Byudjet buyurtmasi byudjet mablag‘larini taqsimlovchiga belgilangan muddatda taqdim etadi. Buyurtmada o‘tgan yil, joriy hamda kelgusi uch yil uchun byudjet tizimi byudjetlarining mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan xarajatlar byudjet tasnifiga muvofiq aks ettiriladi.
Undan keyin taqsimlovchi o‘z tasarrufidagi byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarning byudjet buyurtmalari asosida jamlanma byudjet buyurtmasini tuzadi. Byudjet buyurtmasida xarajatlar hajmlarini o‘tgan yillarga nisbatan ko‘paytirishga faqat asoslovchi qonun hujjati bo‘lgan taqdirda va mazkur ko‘paytirish byudjet mablag‘larini taqsimlovchining rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Bundan ko‘rinadiki, byudjet mablag‘ini oluvchi, masalan, maktab direktori yoki bog‘cha mudirasi o‘z ta’lim maskaniga zarur jihoz olish uchun kamida bir yil oldin viloyat yoki tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya idoralariga murojaat qilishi kerak.
- Ta’kidlash lozimki, 2003 yildagi ana shunday buyurtmalar asosida 2024 yilda viloyatda mavjud 757 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini saqlash xarajatlari uchun 314,1 mlrd. so‘m mablag‘ ajratildi, - deydi Bobur Mirzayev. - “Bu mablag‘lar asosan qaysi qaysi xarajatlar uchun yo‘naltirilgan?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bular asosan kommunal to‘lovlar, ta’mirlash, tovar-moddiy zaxiralar, yumshoq jihozlar xarid qilish, oziq-ovqat xarajatlari va asosiy vositalar sotib olish uchun ajratilgan.
Shuningdek, viloyatdagi 1261 ta umumta’lim maktabi, boshqarma va tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlari, “Barkamol avlod”, bolalar musiqa va san’at maktablari, maktab-internat hamda boshqa tashkilotlarni saqlash xarajatlari uchun 2024 yilda 683,2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan.
Akram Haydarov.