Maktabda gazso‘rg‘ich uskunasi aniqlanmadi
Kecha, 19 yanvar kuni zarnews.uz saytida Payariq tumani Xosa qishlog‘ida yashovchi Rahmatilla Qorjovovning murojaati yuzasidan ”Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali munosabat bildirgan edi. Ammo munosabatga qo‘shimcha ravishda tahririyatdan “Murojaatda R.Qorjovov 2020 yil noyabr oyida tuman gaz idorasi xodimlari tomonidan 1000 metr/kub gaz iste’moli uchun pul terilgani, ammo iste’mol uchun gazning hidi ham yo‘qligi, maktabdagi gazso‘rg‘ich tufayli xonadonlarga tabiiy gaz yetib bormayotganligini yozgan. Ammo yuqorida berilgan javob xatida bu savollarga javob yo‘q…” mazmunida savol berilgan.
“Payariqtumangaz” bo‘limining ma’lum qilishicha, munosabatda aytilganidek, Xosa qishlog‘ida yashovchi Rahmatilla Qorjovov joriy yilning noyabr oyida tabiiy gazga 1000 metr/kub uchun pul to‘lamagan. Iste’molchi 2020 yil oktyabr oyida 40 ming so‘m, noyabr oyida 50 ming so‘m, dekabr oyida 150 ming so‘m to‘lovlarni amalga oshirgan. Rahmatilla Qorjovovning oldindan to‘lovi 49 ming 619 so‘mni tashkil etadi. Iste’molchining xonadoni gaz tarmog‘ining so‘nggi nuqtasida joylashganligi uchun havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida tabiiy gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lgan. Fuqaro R.Qorjovov suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan. Shuningdek, tuman gaz idorasi xodimlari murojaatchining xonadonida bo‘lib, gaz uskunalari va hisoblagichlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazgan. Ayni kunlarda uning xonadonida tabiiy gaz me’yoridan past bo‘lsa-da yonib turibdi.
Mutaxassislar tomonidan hududdagi 25-umumiy ta’lim maktabi ko‘zdan kechirilganda gazso‘rg‘ich uskunasi aniqlanmagan.
“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati.