Maktabimiz yangi o‘quv yiliga tayyor

Ochig‘i, har yili o‘quv yili tugagach, maktab ta’miri uchun o‘quvchi va o‘qituvchilardan pul yig‘ilishi bilan bog‘liq gap-so‘zlar ko‘payadi. Ayrim ta’lim muassasalari sinfxona, koridorlarni ta’mirlash uchun shunday qilishga majbur bo‘layotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ammo bu kabi holat bizning 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabimiz uchun yot tushuncha. Nega, deysizmi?

Maktabimizda qo‘shimcha imkoniyatlardan samarali foydalanib, daromad olinadi va aniq hisob-kitoblar bilan muassasamizdagi ta’mirlash ishlari kabi xarajatlarga sarflanadi.

- Maktabda ta’mir ishlari o‘n kun ichida yakunlandi, - deydi maktab direktori T.Boboyorova. - Byudjetdan tashqari yig‘ilgan daromad hisobidan ta’mirlash ishlarini olib bordik. Masalan. maktabimiz hududiga ekilgan bedapoyadan 1 million 400 ming so‘m, gul ko‘chatlaridan 3 million 100 ming so‘m, issiqxonada yetishtirilgan limon hosilidan 1 million 350 ming so‘m daromad olinib, jami 5 million 850 ming so‘m miqdorda pul mablag‘lari sarflandi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan 160 kilogramm bo‘yoq ajratildi.

Bugungi kunda ta’lim muassasasida 444 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 2017 yilda 300 o‘rinli yangi maktabga qo‘shimcha yana 140 o‘rinli maktab binosi qurilgan edi. Ayni kunlarda sinfxonalar yangi o‘quv yiliga tayyor holga keltirilib, zarur ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlandi. Maktabning hovlisi obodonlashtirilib, gullar ekildi va yashil maydonchalar tashkil etildi.
Maktabimiz 2021-2022 o‘quv yiliga tayyor!


Maktab direktori o‘rinbosari Inomjon Karimov,
Oqdaryo tumani.