Maktablar ta’miri, qurilishi va ajritilgan mablag‘: 2016 yilgacha qanday edi? Endi-chi?

2006-2016 yillarda Samarqand viloyatida 295 ta maktabda rekonstruksiya, 64 ta maktabda mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa, 2017-2025 yillarda 17 ta yangi maktab qurilgan.
Bu davrda 413 ta maktab rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha o‘quv binolari qurilgan va 172 ta umumta’lim maktabining mavjud binosi mukammal ta’mirlangan.
2016 yilda viloyatda 386 ta 2 va undan ortiq koeffitsiyentli maktab bor edi va yuqorida qayd qilingan qurilishlar natijasida joriy yilda bu raqam 40 taga tushdi.
Darvoqe, 2016 yilgacha umumta’lim maktablarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash uchun o‘rtacha 35-40 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. 2025 yilda bu ko‘rsatkich 405,9 milliard so‘mni tashkil qilib, oldingi yillarga nisbatan o‘rtacha 10 barobar ko‘p mablag‘ ajratilganligini ko‘rishimiz mumkin.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan 57 milliard so‘m evaziga 13 ta 3120 o‘rinli yangi maktab, sport zal, oshxona qurib berilganini alohida qayd etish lozim.
Bundan tashqari, tizimda olib borilgan islohotlar natijasida viloyatdagi ta’lim muassasalaridagi kompyuter sinfxonalari soni 2017 yilda 521 ta bo‘lsa, 2025 yilda maktablar 1485 ta zamonaviy kompyuter sinflari bilan ta’minlandi.
Shuningdek, bugungi kunda 1131 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari 2131 elektron doskalar bilan ta’minlangan. Taqqoslash uchun 2017 yilda 176 ta maktabda bir donadan elektron doska bo‘lganini aytib o‘tish mumkin.
Oldingi o‘quv yilida viloyatdagi 67 ta maktab yangi baholash tizimiga o‘tkazildi. 2024-2025 o‘quv yilida qo‘shimcha yana 50 ta maktabda yangi baxolash tizimi joriy etilib, ularning soni 117 taga yetkazildi.