Jomboydagi maktab sinfxonalari o‘quvchilar tomonidan ota-onalarining roziligi bilan ta’mirlangan

Ijtimoiy tarmoqlarda Jomboy tumanidagi 28-maktab o‘quvchilarining ta’mirlash ishlariga jalb qilinganligi haqida xabar va suratlar tarqaldi.

Holat yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, ayni kunlarda o‘quvchilarning maktabdagi yengil ta’mirlash ishlariga jalb qilinganligi turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va Jomboy tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbar-xodimlari tomonidan mazkur holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganish davomida haqiqatan ham Jomboy tumani 28-umumta’lim maktabida yollanma ishchi xodimlar tomonidan yengil ta’mirlash ishlari olib borilayotgani aniqlandi.

Suratdagi o‘quvchilar, ya’ni 6 nafar 7-9 sinf o‘g‘il bolalari maktabda olib borilayotgan ta’mirlash ishlariga yordam berish uchun ota-onalarining roziligi bilan kelganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganish davomida o‘quvchilarning ota-onalari ham farzandini o‘z roziligi bilan maktabdagi ta’mirlash ishlariga yordam berish va ta’til davrida hunar o‘rganish uchun yuborganini tasdiqlashdi. Suratdagi 5 nafar qiz o‘quvchilar esa maktabning 11-"A" va 11-"B" sinf o‘quvchilari bo‘lib, ular bilan suhbatlashilganda, qizlar yakuniy davlat imtihonlarining baholarini bilish maqsadida kelganligi aniqlandi. Shuningdek, mazkur maktab rahbariyati hamda o‘qituvchilari, sinf rahbarlari bilan suhbatlashish jarayonida ular o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish qonunga zid ekanligidan xabardorligini bildirdi va o‘quvchilarni maktabdagi ta’mirlash ishlariga chaqirmaganliklarini ma’lum qildi.

Ayni paytga qadar olib borilgan o‘rganishlar xulosasiga ko‘ra, Jomboy tumani 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari o‘zi va ota-onalarining ixtiyoriga zid ravishda ta’mirlash ishlariga jalb qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentimizning 2021 yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlarni maktab davridanoq kasb-hunarga o‘qitish, dehqonchilik sirlarini o‘rgatish bo‘yicha “Samarqand tajribasi”ni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatdagi ayrim maktablarda o‘quvchilarni poliz ekinlari yetishtirish, bog‘dorchilik, shuningdek, boshqa kasb-hunarlarga o‘rgatish tajriba-sinovlari amalga oshirilmoqda.

Bunday tadbirlar o‘quvchilarni mehnatga o‘rgatish, mehnati orqasidan daromad topish, oilasiga moddiy manfaat keltirish hamda tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega bo‘lishida imkoniyat yaratadi.