Maktab ta’miri kimning zimmasida?

Bu mavzu ayni maktabdagi o‘qish nihoyasiga yetayotganda yanada avj oldi. Sababi aniq, shu oyda martdan boshlanadigan maktab ta’miri uchun yig‘iladigan pulni bermagan o‘quvchilardan uni topshirish talabi qat’iy qo‘yila boshlaydi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ommaviy axborot vositalarida bu mavzu shu kunlarda rosa avj kuyini chaldi. Go‘yo o‘quvchilardan maktab, sinf ta’miri uchun birinchi marta pul terilayotgandek! To‘g‘ri, bu mavzu mahalliy OAVda uncha shov-shuvli tarzda bo‘lmasa-da, har yili bir tilga olinadi. Bunga nisbatan mutasaddilarning izohi ham bir xil.

Hatto, xalq ta’limi  boshqarmasiyu bo‘limlarida ishlaydigan kishilar farzandlari so‘rab keladigan, ta’mir uchun pulni bermasligi haqida ham bir necha bor eshitganman. Bu o‘quvchilarni esa o‘qituvchilar majburlay olmasligi tabiiy. Ammo qolgan o‘quvchilar-chi? Ularga bu talabni qo‘yish mumkinmi?

Direktorlardan kafolat xati olingan

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bu masala bo‘yicha quyidagicha munosabat bildirdi.

«Maktablarda noqonuniy pul yig‘imlari qat’iyan taqiqlangan. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufidagi barcha tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlari va umumta’lim maktablari direktorlaridan maktablarda turli noqonuniy pul yig‘imlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kafolat xatlari  olingan.

Ushbu holatlar aniqlangan taqdirda Xalq ta’limi vazirligining 1006 «Ishonch telefoni»ga yoki boshqarma boshlig‘ining quyidagi telegram raqamiga murojaat qilish mumkin.

Ixtiyoriy ravishda kuzatuv kengashlari tashabbusi bilan maktabni ta’mirlash uchun maktabning bankdagi hisob raqamiga homiylik mablag‘lari o‘tkazilishi mumkin.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining (+99897-915-20-75) telegram raqami boshqarma tasarrufidagi barcha turdagi ta’lim muassasalari va tuman, shahar xalq ta’limi bo‘limlarining kirish qismiga, hammaga ko‘rinadigan joyga ilib qo‘yilgan».

Xo‘sh, maktabni kim ta’mirlaydi?

Izoh shundan iborat. Xo‘sh, maktab qaysi pulga ta’mirlanishi kerak? Axir bir yil ichida ta’mirlanmagan sinflar qay ahvolga tushishini tasavvur qilish qiyinmas-ku!

- Shu yil maktabimizda o‘quvchilardan ta’mir uchun 30 ming so‘mdan yig‘ildi, - deydi o‘qituvchilardan biri. - Ko‘pchilik ota-onalar o‘z roziligi bilan berdi. Kam ta’minlangan, uch nafar farzandi bor oila farzandlaridan pul olinmadi. Ushbu mablag‘lar bankka o‘tkazilib, endilikda ta’mirlashga ishlatiladi.

- Umuman, maktablarda ortiqcha yig‘imlarga chek qo‘yildi, - deydi yana bir o‘qituvchi. - Xorijda ham bepul maktablarda har yili ota-onalar tomonidan bir marta kattaroq miqdordagi mablag‘ maktab fondiga o‘tkazilishi haqida bilamiz. Axir o‘zingiz o‘ylang, maktabimiz ta’miri uchun 5-6 million so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratilarkan. Bu pulga bir nechtagina sinfni oqlab chiqish mumkin, xolos. To‘g‘ri, ta’mirga deb yig‘ilgan mablag‘ direktorga beriladi. Agar maktab rahbari bu pul qanday sarflangani haqida ota-onalar, o‘qituvchilarga hisob bersa, ko‘p gap-so‘zlarning oldi olinardi.

- Biz saksoninchi yillar oxirida maktabda o‘qiganimizda ham maktab remonti uchun pul yig‘ilardi, - deydi Umida G‘afurova. - Shuningdek, bu ta’mirni sinfdoshlarimiz bilan birga amalga oshirardik. Mehnat bizlarni jipslashtirardi, ko‘pchiligimiz, ayniqsa, o‘g‘il bolalar bir-biri bilan raqobatlashib, bo‘yoq ishlarini o‘rgangan. Shunday amaliyotni joriy qilish kerak, deb o‘ylayman. Ota-onalarning maktab uchun bir yilda bir marta pul sarflashini normal hodisa sifatida qabul qilaman. Faqat o‘qituvchilar bu masalada kompetentlikni saqlab tursa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga imtiyozni qo‘llab, ularga boshqacha nazar tashlamasa bo‘lgani. Keyin, yig‘ilayotgan mablag‘ hisoboti berilsa, hech qanday muammo bo‘lmaydi, menimcha.

Haqiqiy vaziyat shunday. Xulosa esa o‘z-o‘zidan ma’lum. Maktab ta’miriga (gap real mablag‘ haqida ketayapti) kim pul ajratishi aniq bo‘lmas ekan, byudjet idoralari rahbarlari bu haqda OAV orqali ochiq ma’lumot bermas ekan, bu mavzu har o‘quv yili oxirida yana bot-bot ommaviy axborot  vositalarida bir cho‘g‘ olib, so‘ng o‘chib qolaveradi.

Gulruh MO‘MINOVA.