Manzil koloniyasi o‘rniga probatsiya nazorati joriy etiladi

Sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmish jinoyat, deb e’tirof etiladigan bo‘lsa, albatta, buning uchun jazo muqarrar. Shu o‘rinda, tayinlanadigan jazo aniq maqsadga qaratilgan bo‘lishi, maksimal natija berishi barqaror bo‘lishi lozim. Jazo shaxsni qayta tarbiyalab, uning xulqini tuzatish va ijobiy xulq-atvor bilan jamiyatga qaytirishga xizmat qilmaydigan bo‘lsa, unda tayinlangan jazo ko‘zlangan maqsadga nomuvofiq tayinlangan bo‘ladi. Aksincha, shaxs qilmishining mohiyatini tushunib yetgan, ijtimoiy xavfli xususiyatini yo‘qotgan, aybiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, sodir etgan qilmishining oqibatlarini tushunib yetgan, tegishli xulosa chiqargan bo‘lsa-da, unga nisbatan jazo tayinlanishi jamiyatdagi normal xulq-atvorli shaxsni yo‘qotishga olib kelishi mumkin.
Har qanday jamiyatda turli toifadagi shaxslar faoliyati davomida intellektual holati yoki yashash muhiti, sharoiti ta’sirida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yadi, mavjud tartibotni buzadi, jinoyat deb atalmish nojo‘ya xatti-harakatni sodir etadi. Bunday holatda qonunbuzar shaxsni tarbiyalash, unda munosib xulq-atvorni qayta tiklash va nuqsonli xulqini tuzatish farovonlik va baraqarorlikni maqsad qilgan jamiyatning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Mamlakatimizda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish, probatsiya bo‘linmalari nazorati ostidagi shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Natijada, nazorat ostidagilar tomonidan qayta jinoyat sodir etilishi kamayishiga erishildi. Jinoyat sodir etgan shaxslarni axloqan tuzatish, ularni jamiyatdan ajratmagan holda jamoatchilik bilan uzviy hamkorlikda qayta tarbiyalash probatsiya nazoratining mohiyatini ifodalaydi.
Jazodan ozod qilishning shartli hukm qilish, jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish turlarida mahkumning ijobiy xulq-atvorini rag‘batlantirish orqali uni bosqichma-bosqich jazodan ozod qilish nazarda tutiladi. Biroq jazodan ozod qilishning bunday turlarini qo‘llashda jazo tayinlanishi yoki o‘talishi muqarrar bo‘lgan holda jazodan ozod qilib yoki yengilroq jazo tayinlash orqali mahkumning hulqi ustidan nazorat olib boriladi.
Jinoyat sodir etgan shaxsga bo‘lgan huquqiy munosabatning xususiyati unga nisbatan tayinlangan jinoiy jazoning turi va og‘irlik darajasi bilan bevosita bog‘liq. Shaxs sodir etgan jinoyati uchun unga nisbatan tayinlangan jazo nafaqat uning qilmishiga, balki ijtimoiy-psixologik holatiga ham mos bo‘lishi, albatta ushbu jihatlar probatsiya nazorati davomida o‘rganib borilishi lozim.
Prezident Murojaatnomasida belgilanishicha, bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilsa, u manzil koloniyaga o‘tkazilmasdan, probatsiya nazoratiga olinadi. Zamonaviy xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda joriy etilgan bunday amaliyot jinoyat sodir etgan shaxsni maqsadli tarbiyalash va uning xulqini tuzatishda ijobiy natijalarga erishishni ta’minlaydi.
Xususan, ichki ishlar organlari tomonidan probatsiya nazoratiga olingan, ya’ni shartli hukm qilingan va jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxslarning xulq-atvori ustidan ta’sirchan nazorat amalga oshiriladi. Ularning ijtimoiy moslashuvi va ishga joylashishiga, shu jumladan, ularning kasbiy tayyorgarligi bo‘yicha tadbirlarni tashkil etish orqali har tomonlama amaliy ko‘maklashiladi. Ularning qayta jinoyat sodir etish xavfini aniqlash va bunga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Manzil koloniyasida ozodlikdan mahrum qilish jazosi shaxsning huquq va erkinliklarini muayyan tartib-qoidalar asosida cheklash orqali ijro etilsa, probatsiya nazorati faqatgina jazo ijrosi nazorati bilan cheklanmasdan, mahkumning muammolarini ham o‘rganadi va ushbu muammolarni hal qilish orqali mahkumni axloqan tuzatish va jamiyatga qayta tayyorlash tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Muhimi, probatsiya nazorati davomida jinoiy jazoga hukm etilgan shaxs o‘z oilasi bag‘rida bo‘ladi, ozodlik va erkinlikning qadriga yetadi.
Bunday imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolishning oldini olish hissi shakllanadi, imkon qadar tuzalish va to‘g‘ri yo‘lga o‘tish orqali jinoiy ta’qibdan qutulishga intiladi.
Prezidentimizning joriy yilning 29 dekabrida parlamentga qilgan Murojaatnomasida ham sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslarga yengillik, yana bir bor imkoniyat berish taomilini takomillashtirish orqali insonparvarlik tamoyilini to‘la-to‘kis ro‘yobga chiqarishni nazarda tutadigan qarashlar bayon etildi. Xususan, Murojaatnomada jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyillarini keng qo‘llash borasidagi ishlar kelgusi yilda ham davom ettirilishi, xalqaro standartlardan kelib chiqib, 25 ta manzil koloniyalari bosqichma-bosqich qisqartirilishi, bundan buyon birinchi marta ozodlikdan mahrum etilgan shaxsga berilgan jazo yengilrog‘i bilan almashtirilsa,
u manzil koloniyaga o‘tkazilmasdan, probatsiya nazoratiga olinishi, mazkur yengillik asosida hozirgi kunda jazo muddatini o‘tayotgan 6 ming nafar shaxsga o‘z mahallasi nazorati ostida oilasi bag‘rida bo‘lish imkoni yaratilishi ta’kidlandi.
Mazkur Murojaatnoma chinakam ma’noda insonparvarlikning yorqin ifodasi sifatida namoyon bo‘lib, sodir etgan jinoyati uchun jazoga hukm qilingan shaxslarni ham rozi qilish, ularni farovon jamiyatga mutanosib qilib tarbiyalash, muhimi, xato qilgan shaxslarni jamiyatdan ajratmasdan, ularning xulqini tuzatishni jazoni ijro etish muassasasidan ko‘proq jamiyatga, ya’ni jamoatchilikka o‘tkazishni nazarda tutdi. Bu esa o‘z navbatida, jinoyat sodir etgan shaxsning o‘z qilmishining mohiyati va oqibatlarini tushunib yetishi, tegishli xulosa chiqarib olishi, pirovard natijada tuzalish yo‘liga o‘tishini ta’minlash imkoniyatini kengaytiradi.
Samariddin OChILOV,
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali kafedra mudiri vazifasini bajarauvchi.