Mark Karni Kanadaning yangi bosh vaziri bo‘ladi

Mark Karni Kanadaning hukmron Liberal partiyasining yangi rahbari bo‘ldi. U shu yilning yanvarida iste’foga chiqish niyatini bildirgan bosh vazir Jastin Tryudoning o‘rnini egallaydi.

Karni Tryudo hukumatiga kirmagan partiya yetakchisi lavozimiga yagona nomzod edi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, u deyarli 86 foiz ovoz to‘pladi.

59 yoshli Mark Karni Garvard universitetini tugatgan, Oksford universitetida magistrlik va falsafa doktorligi darajalarini olgan.

U Goldman Sachs’da ishlagan, 2008 yilda Kanada Banki raisi etib tayinlanib, "Katta yettilik" mamlakatlari orasida eng yosh markaziy bank rahbariga aylangan. 2013 yilda esa Angliya bankini boshqarishga kirishib, bu lavozimda ishlagan birinchi chet ellik bo‘ldi.