Markaziy Osiyoda ilk bor “International Astronautical Congress 2028” Samarqandda bo‘lib o‘tadi

Sidney shahridagi kongressda bugun shunday qaror qabul qilindi. Albatta, Hindiston va Bahrayn kabi davlatlar bilan ushbu tanlovda raqobat qilib, yutish oson bo‘lmadi.
600 yil avval Mirzo Ulug‘bek rasadxona va madrasa qurib Samarqandni ilm-fan markaziga aylantirgan bo‘lsa, 2028 yilda kosmos yo‘nalishidagi dunyoning eng katta tadbiri Samarqandda o‘tishi, albatta, uchinchi renessans asosini boshlab bergan Prezidentimiz tomonlaridan olib borilayotgan ishlarning dunyo hamjamiyati tomonidan o‘ziga xos e’tirofidir.
Ushbu tadbir sabab mamlakatimizga 10 mingdan ortiq sayyohlar keladi, asosiysi, yurtimiz yoshlarini ilm-fanga qiziqishlarini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Zamonaviy texnoinnovatsiyalar peshqadami, SpaceX va Tesla kompaniyalari asoschisi Ilon Maskning ham ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etishi kutilmoqda.
PS. Tanlov uchun tayyorlagan videolavhamiz Yangi O‘zbekiston davrida yurtimizni qanday jozibador makonga aylanganini ko‘rsatib bergan.