“Bolalar xirurgik kasalliklari” darsligi o‘zbek tilida nashr etildi

Rossiya tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi, professor Yu.Isakov hamda professor A.Razumovskiy tahriri ostida Moskvada nashr etilgan “Detskaya xirurgiya” darsligi Samarqand davlat tibbiyot universitetining ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi rahbariyati tashabbusi bilan professorlar Azamat Shamsiyev, Jamshid Shamsiyev va Shuhrat Yusupov tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, “Bolalar xirurgiyasi” nomi bilan chop etildi.
N.I.Pirogov nomidagi Rossiya Milliy tadqiqot tibbiyot universiteti bolalar xirurgiyasi kafedrasi va klinikasi xodimlarining tajribasi, shuningdek, xorijdagi bolalar jarrohlarining yutuqlariga asoslangan darslikda bolalar xirurgiyasi va anesteziologiyasidan boshlab, uning anatomik va fiziologik masalalari, klinik va instrumental tadqiqot usullari, intensiv terapiya va reanimatsiyaning umumiy tamoyillari, bolalarda xirurgik kasalliklarning klinik xususiyatlari va antibiotik terapiyasigacha bayon etilgan.
Shuningdek darslikda bolalar xirurgiyasining xususiy masalalari yoritilgan. Alohida organlar va tizimlarning nuqsonlari va xirurgik kasalliklari semiotikasi tavsiflangan. Darslikdan kasalliklarning tavsifi bilan birga rangli va oq-qora foto suratlar, tibbiy tekshiruvlar aks ettirilgan rasmlar o‘rin olgan.
– “Bolalar xirurgik kasalliklari” nomli darslikning oxirgi marta nashr etilganiga 7 yil bo‘ldi, – deb yozadi mualliflar darslik kirish so‘zida. – Ushbu davr mobaynida ro‘y bergan sezilarli o‘zgarishlar va erishilgan yutuqlarni biz yangi darslikda aks ettirishga harakat qildik. Eng og‘ir va murakkab tug‘ma nuqsonlar hamda orttirilgan kasalliklarni zamonaviy jarrohlik davolashning maqsad va vazifalari nafaqat bemor bolaning hayoti uchun xavfni bartaraf etishga, balki uning maksimal ijtimoiylashuvi va jamiyatga moslashuviga asoslangan.
Qayd etilishicha, bolalar xirurgiyasining rivojlanishiga antenatal ultratovush tekshiruvi va magnit-rezonans tomografiya kabi zamonaviy noinvaziv va ionlashtirmaydigan tekshirish usullarining kundalik klinik amaliyotga joriy qilinishi katta turtki bo‘ldi. Bu nafaqat rivojlanish anomaliyalari mavjud bo‘lgan bolalar tug‘ilish xavfini ishonchli ravishda bashorat qilishga, balki ularning tug‘ilish vaqti va usullarini maqbullashtirishga hamda hayotining birinchi soatlarida sifatli va o‘z vaqtida jarrohlik korreksiyalarini ta’minlashga imkon beradi. Prenatal va perinatal tashxislash, anesteziologiya, reanimatologiya va jadal terapiyaning zamonaviy rivojlanishi bola tug‘ilganidan so‘ng darhol ko‘plab jarrohlik amaliyotlariga tayyorlash hamda ularni muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirishga imkon beradi.
Darslik tarjimonlari bo‘lgan samarqandlik mahoratli bolalar jarrohlarining yozishicha, so‘nggi yillarda bolalar xirurgiyasining jadal rivojlanishi, jumladan, zamonaviy diagnostika va minimal invaziv davolash usullarining amaliyotga keng joriy etilishi soha vakillari oldiga yangi talablar qo‘ydi. Ammo meditsina oliy o‘quv yurti talabalari uchun o‘zbek tilida ushbu turdagi so‘nggi o‘quv adabiyotlari 25 yil oldin chop etilgan. Shu sababli yangi “Bolalar xirurgiyasi” darsligini nashr etish zarurati tug‘ildi. Mazkur yangi darslikda esa semiotika, klinik ko‘rinish, diagnostika va diferensial diagnostika, turli xil xirurgik kasalliklari bo‘lgan bolalarni yosh jihatidan xirurgik davolash tamoyillari tushunarli tarzda bayon etilgan. Hozirgi vaqtda bolalar xirurgiyasi amaliyotida qo‘llanilayotgan yangi, avaylovchi va yuqori ma’lumotli diagnostika usullariga katta e’tibor qaratilgan.
Biz uchun yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, darslikning “Bolalar xirurgiyasining rivojlanish tarixi” deb nomlangan birinchi bobida Samarqand davlat tibbiyot institutida bolalar xirirgiyasi kursi va kafedrasi ochilishi tarixi, professor Azamat Shamsiyev tashabbusi bilan 1985 yilda Samarqand viloyati 1-bolalar kasalxonasi negizida bolalar xirurgiyasi kafedrasi va 60 o‘rinli bo‘lim tashkil etilishi, 1990 yilda esa Samarqand bolalar xirurgiyasi ilmiy markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Ayni paytda Samarqand davlat tibbiyot universitetining ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan 200 o‘rinli muassasaning nainki Samarqand, balki butun mamlakat bolalariga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatayotgani, ularning dardlariga shifo bo‘layotgani e’tirof etilgan.
Kitob so‘zboshisida ta’kidlanganidek, mazkur darslikning nashr etilishi nafaqat tibbiyot oliy o‘quv yurtlari talabalari, klinik ordinatorlar va aspirantlar uchun foydali va zarur bo‘ladi, balki yurtimizdagi bolalar xirurglariga ham ularning amaliy ishlarida yordam beradi.