Mas’uliyatsiz otadan qariyb 8,5 million so‘mlik aliment undirildi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining hukmiga asosan fuqaro K.B.ning ish haqi va boshqa daromadlari hisobidan sobiq turmush o‘rtog‘i G.Ya.ga ularning ikki nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun aliment pullari to‘lanishi belgilangan.

K.B. 2017 yil mart oyidan 2019 yilning noyabr oyiga qadar jami 21 million 747 ming so‘m miqdorida hisoblangan aliment pullarini qasddan to‘lamasdan kelgan. Oqibatda aliment to‘lamagan ushbu fuqaroga Samarqand shahar Ma’muriy sudining 2019 yil 22 noyabrdagi hukmiga asosan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Bundan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarmagan K.B. 2019 yilning noyabr oyidan 2020 yilning avgust oyiga qadar ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun hisoblangan 8 million 448 ming so‘m miqdoridagi aliment pullarini ham to‘lashdan bo‘yin tovladi. Ayni holat bo‘yicha olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida qarzdordan undiruvchi foydasiga 8 million 448 ming so‘m aliment pullari to‘liq undirib berildi.

Ulug‘bek YO‘LDOShEV,
Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi katta surishtiruvchisi.