Maxachqal’a va Derbentdagi teraktlar. Voqealar rivoji
Dog‘iston rahbari Sergey Melikovning aytishicha, respublikadagi terakt natijasida 15 dan ortiq politsiyachi va bir necha tinch aholi halok bo‘lgan. "Maxachqal’a va Derbent shaharlarida tezkor jangovar harakatlarning faol bosqichi yakunlandi", xavfsizlik kuchlari olti nafar jangarini yo‘q qildi.
Rossiya axborot agentliklari xabariga ko‘ra, yakshanba kuni soat 17:50 atrofida Dog‘istonning Derbent shahrida (Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi avtonom respublika) qurolli shaxslar sinagoga va unga qo‘shni bo‘lgan pravoslav cherkoviga qarata o‘t ochgan.
Hujumchilar va yetib kelgan politsiya o‘rtasida otishma sodir bo‘lgan. Politsiyachilardan biri halok bo‘lgan, yana biri yaralangan. Noma’lum shaxslar qochib ketishgan.
Dog‘iston poytaxti Maxachqal’a shahrida politsiya postiga ham hujum uyushtirilgan. Bir politsiyachi halok bo‘lgan, olti nafari yaralangan.
Maxachqal’a shahrida ibodatxonaga o‘t qo‘yilgan.
Derbent asosan musulmonlardan iborat Shimoliy Kavkaz hududidagi qadimgi yahudiylar jamoasining vatani hisoblanadi.
Hujumlar uchun javobgarlikni hech kim o‘z zimmasiga olmagan, biroq Dog‘istondagi ayrim rasmiylar Ukraina va NATOni ayblagan.
“Bo‘lgan voqea qabih provokatsiya va dinlar o‘rtasida kelishmovchilik yaratishga urinish kabi ko‘rinadi”, degan qo‘shni Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov.
Dog‘istonda 23-25 iyun kunlari motam kunlari e’lon qilindi.