DXX: “Islom davlati” terroristik tashkiloti a’zosi O‘zbekistonga olib kelindi

1969 yil Xiva shahrida tug‘ilgan fuqaro D.U. o‘g‘li 1994 yilda tug‘ilgan D.X. bilan birga 2009-2015 yillarda Rossiya Federatsiyasida mehnat migranti sifatida ishlashi davrida ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolarining ta’siriga tushib qoladi.

Natijada, 2015 yilning sentyabr oyida ota-bola o‘zlarining shaxsini oshkor qilmaslik maqsadida Tojikiston Respublikasining soxta pasportini rasmiylashtirib, Turkiya orqali Suriya davlatiga boradi va «Islom davlati» xalqaro terroristik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilib, jangovar harakatlarda ishtirok etadi.

Keyinroq D.U. Suriyadan MDH davlatlaridan biriga qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish maqsadida qaytib keladi. DXX xodimlarining xorijiy hamkorlar bilan birgalikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida D.U. ushlanib, O‘zbekistonga olib kelindi.

Ta’kidlash lozimki, qo‘lga olish vaqtida D.U. faol qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa, keyingi jarayonlarda u o‘zining “jihod” qilish borasidagi qarashlaridan voz kechmaganligini bildirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xabar (https://t.me/sarhad_uz/5550)iga ko‘ra, hozirda D.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, D.U.ning o‘g‘liga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.